30 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 30 nafar farzandiga sunnat to‘yi o‘tkazib berildi.
Tuman hokimligi hamda homiylar ko‘magida o‘tkazilgan to‘y tantanasida tuman hokimi va sektorlar rahbarlari, to‘ybolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdi.

Bolajonlarning sunnat to‘ylari o‘ziga xos milliy an’analarimiz asosida o‘tkazilganligi to‘ybolalar, ularning ota-onalari qalbiga quvonch hadya etdi. To‘ybolalarning har biriga velosiped, turli o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi.


- 8-mart bayrami bu yil men kabi ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollarning xotirasida uzoq yillar saqlanib qoladigan bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im vafotidan so‘ng ikki o‘g‘limning sunnat to‘ylarini o‘tkazish armonga aylanib qolayotgan edi. O‘g‘illarimning sunnat to‘ylarini zo‘r tantana bilan o‘tkazdik. Ayniqsa, farzandlarimning bosh-oyoq sarpoli, velosipedli bo‘lganiga juda quvondik. Buning uchun Prezidentimizdan, hukumatimizdan behad minnatdorman,--deydi "Sohil" MFYda yashovchi Madina Ermatova.


Shu kuni tumanda milliy sport turlarimiz--belbog‘li kurash va uloq-ko‘pkari musobaqasi ham tashkil etildi. Musobaqalarda Respublikamizning ko‘plab tuman va shaharlaridan kelgan chavandoz va polvonlar ishtirok etdi. G‘olib chavandozlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Sh.Suyarov,Sh.Ortiqboyev surat), O‘zA muxbirlari