3 ming 900 dan ortiq nomuvofiq reklamalar aniqlangan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Partiyaning saylovoldi dasturida sherikchilikka asoslangan kreditlash mexanizmini joriy etishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Lekin allaqachon joriy etilishi kerak bo‘lgan bu tizimni amaliyotga tatbiq etish afsuski, qiyin bo‘lyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasida nobank kredit tashkilotlari tomonidan islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish masalasi to‘liq qamrab olinmaganiga e’tibor qaratdi. Jumladan, islom tamoyillari asosida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tushunchasi mavjud emas. Mikromoliyalash faoliyati doirasiga jismoniy shaxslarni mikroqarz summasidan oshmagan miqdorda yoki yuridik shaxslarni mikrokredit summasidan oshmagan miqdorda islom tamoyillari asosida moliyalashtirish belgilangan. Bu jismoniy shaxslarni mikrokredit summasidan oshgan miqdorda islom tamoyillari asosida moliyaviy xizmatdan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.
Loyihada islom moliyalashtirishning asosiy tamoyillaridan biri, ya’ni sheriklikka pul jalb qilish man qilingan. Bu esa nobank kredit tashkilotlarini moliyalash manbasidan mahrum qiladi.
– Yuqoridagi kamchiliklardan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasini qaytarmoqchi edik. Lekin mutaxassislarning tushuntirishlaridan angladikki, qonun loyihasi Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etishga huquqiy asos bo‘ladi, – dedi fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyev. – Shu bois, qonun loyihasini ma’qulladik.
Yig‘ilishda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi. Ta’kidlanganidek, amaldagi qonun 1998 yilda qabul qilingan bo‘lib, hozirgi kunga qadar unga 15 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shunday bo‘lsa-da, unda umumiy tusga ega bo‘lgan va ishlamaydigan normalar hamon ko‘p. Reklama bilan bog‘liq munosabatlar to‘liq qamrab olinmagan. Vakolatlar aniq belgilanmagani esa ko‘plab huquqbuzarliklarga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, joriy yilda 3 900 dan ortiq nomuvofiq reklamalar aniqlangan. Dori vositalari, bolalar oziq-ovqatlari, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagani bois, energetik ichimliklar bo‘yicha – 13 ta, alkogolli ichimliklar bo‘yicha – 98 ta, tamaki va kalyan bo‘yicha – 67 ta reklama talablari buzilgan.
Yangi qonun loyihasida yuqoridagi kamchiliklar tuzatilib, bugungi kun talab va takliflaridan kelib chiqqan holda, OAV, mobil aloqa tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda. Elektron tijoratda tashqi va ichki reklamalar berish tartibga solinmoqda.
Yig‘ilishda qonun loyihasi yuzasidan berilgan takliflar inobatga olinib, mazkur hujjat deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA