3 mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni
Ba’zida ijtimoiy tarmoqlar orqali bojxona postlarida noqonuniy olib chiqib ketilayotgan turli yovvoyi hayvonlar to‘xtatib qolingani yoki noqonuniy ovchilik bilan shug‘ullanayotgan brakonerlar haqida eshitib, o‘qib qolamiz.
Bugun atrof-muhit, ekologik muammolar avj olayotgan bir paytda tabiat ne’mati bo‘lgan hayvonot olamini, yovvoyi tabiatni asrash eng dolzarb vazifaga aylanmoqda. Zero, ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 50 yil ichida sayyoramizda hayvonot va o‘simlik olami turlari 20 foizga kamaygan. Brakonerlik, yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari bilan noqonuniy savdo qilish eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Umuman, o‘rmonlarning kesilishi, noqonuniy ov va brakonerlik, iqlim o‘zgarishi, hayvonlar yashash joylarining yo‘qolishi, noqonuniy yovvoyi tabiat savdosi kabilar hayvonot dunyosiga, yovvoyi tabiatga eng katta tahdidlardir. Bu esa sayyoramizdagi biologik xilma-xillikka juda katta ziyon keltiradi, hayvon turlarining kamayib yoxud yo‘qolib ketishiga olib keladi.

Shu bois, 3 mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni sifatida belgilangan. Jumladan, 2013 yil 20 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasi bilan keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish maqsadida 3 martni – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni deb e’lon qildi. Bu kundan maqsad esa yagona — yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning biologik xilma-xilligini saqlash, noqonuniy ov va noqonuniy savdoga qarshi kurashish, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, odamlarda ekologik ongni oshirishdan iborat.

Xalqaro yovvoyi tabiatni muhofaza qilish kuni yashab turgan sayyoramiz to‘g‘risida ko‘proq bilish, yovvoyi tabiatning hayotimizdagi ahamiyatini anglash uchun yaxshi imkoniyatdir. Ushbu sana jamoatchilik e’tiborini atrofdagi muhitga qaratish, o‘z munosabatimizni bildirish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va tiklash uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar qilishga, noyob tabiatimizni saqlashga yo‘naltirilgan faol xarakatlarga undaydi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, O‘zbekistonda 1 martdan 15 avgustga qadar ov mavsumi to‘xtatildi. Bu vaqt davomida yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash qat’iyan taqiqlanadi. Ov qoidalarini buzish, xususan, taqiqlangan davrda ov qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Insoniyatning farovonligi va barqaror rivojlanishi — uning tabiat bilan muvozanatini saqlash, tabiiy resurslarni asrash va ulardan oqilona foydalanish bilan chambarchas bog‘liq. Yovvoyi tabiat – insoniyatga berilgan bebaho ne’mat. Shunday ekan, tabiatning ajralmas qismi bo‘lgan yovvoyi tabiatni muhofaza qilish, unga ozor yetkazmaslik, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylashimiz zarur.
Muhtarama Komilova,
O‘zA