2,9 milliard so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishiga chek qo‘yildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlikni ta’minlash har qanday davlat tashkiloti uchun muhim ahamiyatga ega. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda ham 2026-yilning birinchi choragida bu yo‘nalishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshlig‘i Bahodir Nishonxo‘jayev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Tashkilotimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan qonun va qonun osti hujjatlari, qarorlari asosida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini tizimli amalga oshirib kelinmoqda.
Shunga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 16 ta seminar-trening va davra suhbati, shuningdek, 12 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tizim korxonalarida ochiqlikni ta’minlash, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, muammoli masalalarga joyida yechim topish, murojaatlarning manzilliligini ta’minlash va murojaat qilish madaniyatini shakllantirish maqsadida 3 ta ochiq va sayyor qabullar tashkil etildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha 5728 nafar xodim orasida yillik deklaratsiya to‘ldirish tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 343 ta holatda ehtimoliy, 3 ta holatda esa mavjud manfaatlar to‘qnashuviga aloqador munosabatlar aniqlanib, tartibga solindi.
Davlat xaridlari yo‘nalishida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari bilan umumiy qiymati 2,9 millliard so‘m miqdoridagi mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oldi olindi.
Joriy yilda jamiyatning 202 nafar rahbar va mas’ul xodimlari, komplayens tizimi mas’ullari hamda yangi ishga qabul qilingan mutaxassislari “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida onlayn o‘qitilishi rejalashtirildi va muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi tomonidan onlayn aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan 3 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Barcha holatlar yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borildi.
E’tiborli jihati, joriy yilning birinchi choragida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tashkilotda ochiq va shaffof muhitni rivojlantirish, manfaatlar to‘qnashuvini kamaytirish va davlat resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA