24 aprel – Xalqaro yoshlar birdamlik kuni
Jahon Demokratik yoshlar federatsiyasi qarori bilan har yili 24 aprel “Xalqaro yoshlar birdamligi” kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
“Yoshlar davlatning strategik resursi
ekanligini unutmasligimiz kerak”
(Golbax)
Jahon Demokratik yoshlar federatsiyasi qarori bilan har yili 24 aprel “Xalqaro yoshlar birdamligi” kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
1955 yil Osiyo va Afrika mamlakatlari Bandung konferensiyasi yakuniy hujjatida qayd etilgan mazkur sana ilk bor 1957 yili “Tinchlik uchun, kolonializmga qarshi kurashish” shiori ostida bayram qilingan. Bu unutilmas kun davlat idoralari, jamiyat va ommaviy axborot vositalari e’tiborini yoshlar masalasiga qaratish uchun yana bir imkoniyatdir.
Shu kuni yoshlar, davlat muassasalari, keng aholi, befarq bo‘lmagan, o‘z farzandi va nabiralari kelajagi haqida qayg‘uruvchi insonlar sa’y-harakatini birlashtirish, yoshlar huquqiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkonini beradi va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ma’naviy-axloqiy muammolarini bartaraf etishda yoshlarning tashkilotchiligi va ijodiy faolligini oshirish, avlodlar davomiyligini ta’minlash, qonun-tartibotni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Aytgancha, yosh guruhining yoshlar uchun umumiy qabul qilingan xalqaro ta’rifi yo‘q. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 15-24 yoshli shaxslarni yoshlar, deb belgilagan, O‘zbekistonda esa yoshlar sifatida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ijtimoiy-demografik guruh tushuniladi.
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi sarhisobiga ko‘ra, mamlakatimizda yoshlar 9 million 726 mingdan ziyodni tashkil etadi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda 1,8 milliarddan ko‘p yoshlar bor. Bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkich. Barcha yoshlarning, qariyb, 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi va aynan shu qatlam aholining salmoqli qismini tashkil etadi.
BMT ta’kidicha, hozirgi yosh avlod o‘ta yuqori darajadagi faollikka ega. Global kommunikatsiya tarmog‘iga eng ko‘p integratsiyalashgan bugungi yoshlar siyosatdan biznesgacha, fan va ta’limdan fuqarolik jamiyatigacha - jamiyatning barcha jabhalarida mamlakatlar hamda shaxslar o‘rtasida muloqot o‘rnatish, sheriklik aloqalarini tashkil etishda katta salohiyatga ega.
BMT yoshlar ijtimoiy taraqqiyot uchun katalizator sifatida harakat qilishi, o‘z mamlakatlarida siyosiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligini e’tirof etadi.

Binobarin, keyingi paytda yoshlar o‘z huquqini amalga oshirishda jiddiy qiyinchilikka ham duch kelmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, har beshinchi yosh avlodning ishi, malakasi, ta’lim olish imkoniyati yo‘q.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda, taxminan, 408 million yosh qurolli to‘qnashuv sharoitida yashaydi.
Zamonaviy jamiyatda o‘smir bo‘lish yoshlarning o‘z muammosini hal qilishga moslashuvchanligi darajasiga bog‘liq.
Xalqaro yoshlar birdamligi kuni an’analariga kelsak, bu bayram o‘tmishda keng nishonlangan. Yoshlar kongressi, konsert va boshqa tadbirlar o‘tkazilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqlarni do‘stona birlashtirish, jamoaviy ruhni, millatlar birligini mustahkamlash, sa’y-harakatlarni yoshlar huquqi uchun kurash yo‘lida birlashtirishga tayyorlikni ko‘rsatish, muammolarni hal etishda yoshlarni jipslashtirish edi.
Afsuski, yillar o‘tib, bularning bari, amalda, yo‘qoldi. Endi bu sana qoida tariqasida turli guruhlar, jamoat tashkilotlari tashabbusi va ko‘magida vaqti-vaqti bilan nishonlab kelinmoqda.
Aytgancha, sayyoramiz yoshlarining Xalqaro yoshlar kuni (12 avgust), Jahon yoshlari kuni (10 noyabr) singari yana bir necha bayrami ham bor.
O‘zbekistonda har yili 30 iyun kuni Yoshlar kunini nishonlash yaxshi an’anaga aylangan.
Ulug‘bek Mahmirzayev,
O‘zA