23 mart – Butunjahon meteorologiya kuni
Har yili 23 mart kuni BMT shafeligida Jahon meteorologiya tashkiloti tashabbusi bilan Butunjahon meteorologiya kuni nishonlanadi. 1961 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjumanning bu galgi shiori – “Axborot asrida ob-havo, iqlim va suv”. Shu kuni turli yo‘nalishlarga oid profilaktik tadbirlar uyushtiriladi.
1950 yil 23 martda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) Konvensiyasi kuchga kirib, tuzilma tashkil etilgani rasman e’lon qilindi. Hozir tashkilotga 187 mamlakat a’zo.
Ta’kidlash kerak, JMT ob-havo, iqlim va suv masalalari bilan shug‘ullanadi, tuzilma tarkibiga kiruvchi mamlakatlar atmosfera, quruqlik, dengiz, okean va daryolar holati bo‘yicha tezkor ma’lumot almashib, ko‘p yillar davomida muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.
Milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga asoslangan mazkur tashkilot qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, dengiz, atrof-muhit, suv va tabiiy ofat oqibatlarini yumshatishga alohida e’tibor qaratadi. Иқлим tadqiqoti bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi va Butunjahon ob-havo hizmati tuzilishi JMTning asosiy yutuqlari sifatida namoyon bo‘ldi.
Butunjahon meteorologiya kuni keng jamoatchilikni iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan xabardor qilish maqsadida o‘tkaziladi. Umuman, iqlimning tez o‘zgarayotgani bugungi kunda insoniyat oldida turgan jiddiy ekologik muammolardan biri sanaladi. Bu nafaqat ob-havo o‘zgarishi, harorat ko‘tarilishi yoki pasayishi bilan namoyon bo‘ladi, balki suv toshqini, qurg‘oqchilik, sunami va boshqa ofatlarga ham olib kelishi mumkin.
So‘nggi o‘n yillik statistikaga ko‘ra, meteorologik yoki gidrologik tabiiy ofatlar kelib chiqishi holatlarining 80 foizdan ortig‘i bashorat qilingan, aniq ko‘rsatib berilgan. Shu bois, har yili ayni muammoga bag‘ishlab targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi. Yillar davomida “Kelajak iqlimi”, “Ob-havo, iqlim, suv va barqaror rivojlanish”, “Xavfning oldini olish va tabiiy ofatlar oqibatini yumshatish”, “Qutb meteorologiyasi: global ta’sirlarni tushunish” shiorlari ostida qator profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.
JMTga a’zo mamlakatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi ham sohaga oid muhim islohotlar amalga oshirib kelmoqda. Masalan, Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan 2021 yilda sohani huquqiy tartibga solish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori va 1 ta farmoyishi qabul qilingan.
Markazning 2021 yildagi faoliyati sarhisobiga nazar tashlaymiz. Meteorologik stansiyalar soni 70 dan 75 taga, qor ko‘chki stansiyalari 3 dan 5 taga ortgan. Avtomatlashtirilgan meteorologik stansiyalar ulushi 14 foizdan 70 foizga ko‘tarildi. Natijada turli barvaqtlikdagi ob-havo prognozi ishonchliligi sutkalik 92 foizga, 2-3 sutkalik 90 foizga, 4-5 sutkalik 88 foizga, shtorm ogohlantirishlar oqlanish darajasi 90 foizga yetkazildi.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 50 ta avtomatik meteostansiya, 1 ta mobil ekologik laboratoriya va 1 dona superkompyuter uskunasi, shuningdek, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hisobidan 2 ta avtomatlashgan atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi stansiyasi o‘rnatildi.
Umuman, mamlakatimizda ob-havo sharoitini o‘rganish, atrof-muhitni muhofaza qilish orqali aholi salomatligini asrashga qaratilgan harakatlar izchil olib borilmoqda. Koreya meteorologiya administratsiyasi va Jahon meteorologiya tashkiloti bilan xamkorlikda gidrometeorologik fondda saqlanayotgan qog‘oz shakldagi ma’lumotlarni raqamlashtirish orqali ma’lumotlar elektron bazasini yaratish loyixasi yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zgidromet” markazi ma’lum qilishicha, ilgari kuzatuv natijasi har 3 soatda ratsiya orqali uzatilgan bo‘lsa, axborot texnologiyalari takomillashtirilishi natijasida hozir ma’lumot markazga avtomatik tarzda 10 daqiqada GSM/sputnik orqali uzatib borilishi ta’minlangan.
MODIS uskunasi modernizatsiya qilindi. Natijada kuniga 4 marta respublikaning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida qor qoplami balandligini o‘lchash orqali suv miqdori hisobini yuritish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining vegetatsiya indeksi zichligini aniqlashga erishildi.
– Xavfli gidrometeorologik hodisalarni prognoz qilish, kuzatish, holat sodir bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan joylarni aniqlash bo‘yicha xavfi yuqori hududlar Geoportali sinov tariqasida ishga tushirildi, – deya sohadagi ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtaldi O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorii Sherzod Habibullayev. – “Yashil iqlim jamg‘armasi” hisobidan umumiy qiymati 10 million dollarlik grant loyihasi imzolandi. Iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va oqibatini yumshatishga yo‘naltirilgan Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2,4 milliard so‘m qiymatdagi 3 ta loyiha moliyalashtirildi.
Tashkilot rahbari, shuningdek, soha bo‘yicha ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan xizmatlar hajmi 2 barobar ortib, 5,2 milliard so‘mga yetkazilganini ma’lum qildi.
JMT o‘quv dasturi doirasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 36 nafar xodim malaka oshirib, tegishli sertifikatga ega bo‘ldi.
Aholi yashash nuqtalarida havo sifatini monitoring qilish hamda gidrometeorologik ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha yangi “monitoring.meteo.uz” va “data.meteo.uz” geoportallari ishga tushirildi.
Xullas, yer yuzida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muhim tabiiy voqeliklarni aholiga tezkor yetkazib borish, jumladan, ob-havo holati bilan bog‘liq ma’lumotlarni ommaga oshkor qilishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Shunday ekan, axborot asrida atrof-muhitda yuz berayotgan hodisalardan ogoh bo‘laylik.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA