2,2 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik undirib berildi
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida MIB tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatlari asosida 12 ta fermer xo‘jaligida soliq hamda boshqa qarzdorliklarni undirish yuzasidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida fermer xo‘jaliklarining “FORTERS” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi klasterdan haqdorligi aniqlandi.
– Fermerlar klasterga tegishli shartnoma asosida g‘alla va paxta xomashyosini topshirgan, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi katta inspektori Abdumo‘min Qodirov.– Biroq mablag‘lar o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. MIB Sherobod tuman bo‘limi davlat ijrochilari olib borgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida klaster hisobidan fermerlar manfaati uchun 1 milliard 500 million so‘m soliq qarzdorligi undirildi.
Shuningdek, tumandagi ikkita fermer xo‘jaligi foydasiga 736 million so‘mga yaqin qarzdorlik undirib berildi.
Viloyatda soliq va boshqa qarzdorliklarni undirish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri