205 tonna un birjaga chiqmay eksport qilingani aniqlandi
Surxondaryo viloyatida birja savdolari orqali sotilishi lozim bo‘lgan 205 tonna un mahsulotini belgilangan tartibga rioya qilmasdan sotgan korxonaga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda “DENOV OLTIN DON” MCHJ 2025-yil oktabridan 2026-yil 31-martga qadar Jamg‘arma hisobidan birja savdolari orqali xarid qilingan 273 tonna bug‘doydan ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 205 tonna un mahsulotini birjaga chiqarmasdan sotgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida mazkur mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida sotilgan bo‘lib, bitimlar umumiy qiymati 634 million so‘mdan oshgani ma’lum bo‘ldi.
Qonunchilikka muvofiq, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotilishi shart. Bunday mahsulotlarni birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilish taqiqlangan.
Aniqlangan holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, korxonaga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
N. Rahmonova, O‘zA