2030-yilda kartoshkachilikda yana eksportchi davlat bo‘lamiz
Keyingi yillarda bozor va yirik supermarketlarimizda xorijdan keltirilgan kartoshka ko‘payib qoldi. Davlatimiz tomonidan importyorlarga berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida, ayniqsa, qish paytida iste’mol uchun chetdan kartoshka keltirilib, bozorlarimizda narx barqarorligi ta’minlanmoqda, aholining “ikkinchi non”ga bo‘lgan ehtiyoji qondirilyapti.
Ammo yaqin va uzoq istiqbolda xalqimizni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotidan biri bo‘lgan kartoshka bilan o‘zimiz to‘la ta’minlashga erishmasak, vaqtinchalik ko‘rilayotgan bu chora mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun qimmatga tushib boraveradi.
Shuning uchun ham 2025-yil 8-sentabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Respublikada kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorda mamlakatimizda iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirish jarayoniga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini mahalliy mahsulot hisobidan ta’minlash, sohani davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishning yangi mexanizmlari belgilandi.
Jumladan, 2028-yildan boshlab har yili unuvchanlik darajasi 85 foizdan past bo‘lmagan kamida 10 million (2026-yilda 4 million, 2027-yilda 6 million) dona kartoshka mini-tuganaklarini yetkazib berish, kartoshka yetishtiruvchi sub’ektlarda 2027-yildan 2030-yilgacha 2,5 ming tonnadan 747 ming tonnagacha yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish, 2030-yilga borib kartoshkaning o‘rtacha hosildorligini 16-17 tonnadan 25-30 tonnaga oshirish ustuvor maqsad qilib qo‘yildi. Bulung‘ur, Zomin, Baxmal, Bo‘stonliq, Shahrisabz, Kitob, Qo‘rg‘ontepa, Yangiqo‘rg‘on va So‘x tumanlarida yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Urug‘lik in-vitro laboratoriyalarida yaratiladi
Ilmiy muassasalar va tadbirkorlik sub’ektlaridagi in-vitro laboratoriyalari va himoyalangan inshootlarda kartoshkaning virusli va bakterial kasalliklardan xoli bo‘lgan mikro va mini-tuganaklari tayyorlanadi hamda davlat tomonidan xarid qilinadi. Jumladan, 2026-yilda “in-vitro” o‘simliklari va mikrotuganaklaridan 10 million dona mini-tuganak yetishtirish vazifasi qo‘yilgan.
– Kartoshka inson kundalik iste’mol qiladigan, oziq-ovqat savatchasidan joy olgan mahsulot hisoblanadi, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov. – Shu bois keyingi yillarda yurtimizda kartoshkachilikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning o‘tgan yil qabul qilingan qarori soha rivojida muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Qarorda kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalarini hosildor, turli kasalliklarga chidamli urug‘lik bilan ta’minlash va shu orqali xalqimizning bu mahsulotga bo‘lgan talabini o‘zimizda yetishtirish hisobiga qondirish belgilandi. Hech kimga sir emas, biz shu paytgacha kartoshka eksport qiluvchi davlat bo‘lganimiz holda oxirgi vaqtlarda, xususan, pandemiya sharoitida kartoshkani chetdan import qilishga majbur bo‘ldik. Shuning uchun bugun ichki bozor chetdan keltirilgan mahsulot bilan to‘yintirib turilibdi. Xuddi shunday yuqori avlod urug‘likni ham Niderlandiya, Fransiya, Rossiya, Pokistondan olib kelyapmiz va yildan-yilga bu xarajatlar oshib ketmoqda. Urug‘lik tan narxi ko‘tarilib borishi va ayni pishiqchilik mavsumida kartoshka narxining tushib ketishi natijasida fermerlar boshqa ekin turlarini yetishtirishga o‘tib ketmoqda. Ikkinchi tomondan, biz urug‘lik masalasida xorijga bog‘lanib qolyapmiz.
Olimning qayd etishicha, bugun ayrim kishilar “kartoshkani o‘zimiz yetishtirgandan ko‘ra, xorijdan olib kelish arzonga tushyapti” degan fikrni ilgari surmoqda. To‘g‘ri, ma’lum vaqt shunday holat kuzatiladi, ammo bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, logistika muammolari kuchayib borayotgan paytda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim mahsulot turidan biri bo‘lgan kartoshkachilikda xorijga qaram bo‘lib qolish kerak emas. Qolaversa, bu mahsulot uchun har yili katta miqdordagi mablag‘ning chetga chiqib ketishi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Institut bu yil 500 ming dona tuganak tayyorlab beradi
Qaror asosida kartoshka urug‘chiligi bilan shug‘ullanadigan tizimlar tashkil etildi va in-vitro usulida kartoshka o‘simligi, mikro va mini tuganaklari tayyorlanib, o‘zimizning tuproq va iqlim sharoitimizga mos kartoshka urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishga ilmiy-tadqiqot institutlari, tadbirkorlik sub’ektlari jalb qilindi va joriy yilda ular tomonidan 10 million dona mini tuganak tayyorlash belgilangan. Kartoshka yetishtirish uchun qulay hudud bo‘lgan Bulung‘ur tumanida urug‘chilik bilan shug‘ullanadigan “Bulung‘ur-Agro Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Jamiyat tomonidan ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda kartoshka mini-tuganaklaridan super-elita urug‘larini tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham Koreya respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan in-vitro laboratoriyasi va gidroponika usulidagi issiqxonada bu yil yuqori avlodli 500 ming dona tuganak tayyorlanmoqda.
Shavkat Hasanovning ta’kidlashicha, yangi tizim tufayli 2028-yilda mamlakatimizda kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha ehtiyoj to‘liq qondiriladi va so‘ngra bu borada eksport yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yildan boshlab esa kartoshkachilikni sanoat asosida rivojlantirishga o‘tiladi va qayta ishlash orqali kartoshkadan 40 dan ziyod turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
– Kartoshkachilik yurtimizdagi eng asosiy tarmoq hisoblansa-da in-vitro usulida urug‘lik tayyorlash biz uchun yangilik, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti o‘simlikshunoslik kafedrasi mudiri, professor Sobir Sanayev. – Bu eng toza, navdor, sifatli urug‘lik tuganaklar ishlab chiqarish imkoniyati. Ayni paytda yurtimizga xorijdan keltirilayotgan yuqori avlod kartoshka urug‘lari uchun davlatimiz tomonidan katta mablag‘ sarflanmoqda. Qolaversa, xorijdan keltirilgan urug‘lar birinchi yildayoq dalada 15-20 foizga kasallanadi. Bu esa hosildorlikka ta’sir qiladi va keyingi yillarda kasallanish darajasi oshib, hosil kamayib boraveradi. Agar tuganakni o‘zimizda tayyorlasak avvalo xarajat kamayadi, ikkinchidan, o‘zimizning iqlim va tuproq sharoitimizga mos, turli virus va bakteriyalardan xoli urug‘lik yetishtiriladi. Biz ham uch yildan buyon bu borada ilmiy tadqiqot ishlari olib borib, Niderlandiya va Koreyadan keltirilgan navlarni yurtimiz iqlimiga moslashtirgan holda yuqori avlod urug‘lik yetishtirish harakatidamiz. Bu ishlarimiz natijasi o‘laroq bu yil ilk bor tog‘oldi hududlaridagi urug‘chilik xo‘jaliklariga 500 ming dona mini-tuganak yetkazib beramiz.
Yangi laboratoriya mini-tuganaklari ekishga tayyor
Samarqand viloyatidagi “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligi tomonidan koreyalik hamkorlar bilan birgalikda Oqdaryo tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Golden seed Samarkand” qo‘shma korxonasi davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan sub’ektlardan biri. Ayni paytda bu yerdagi in-vitro laboratoriyasi va 4 gektarga yaqin issiqxonada xorijdan keltirilgan va mahalliy kartoshka navlari asosida yuqori avlod urug‘ligi tayyorlanmoqda.
– O‘tgan yil o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan in-vitro usulida kartoshka urug‘i tayyorlaydigan ushbu laboratoriyani tashkil etdik – deydi korxona rahbari Kim Mi Gyoung xonim. – Hozir bu yerda 20 ga yaqin mahalliy aholi vakillariga o‘z tajribalarimni o‘rgatyapman, birgalikda ishlayapmiz. Laboratoriyada maxsus sharoitda tayyorlangan mikro tuganaklarni issiqxonada tuproqqa ekib, mini tuganaklar yaratyapmiz. Keyin ular ochiq maydonlarda ekiladi va yuqori hosildor, viruslardan xoli urug‘lik kartoshka yetishtiriladi. Qisqa vaqtda xorijdan keltirilgan va mahalliy o‘ndan ortiq kartoshka navlari asosida 1 milliondan ko‘proq mini tuganak yetishtirishga erishdik. Ayni paytda ular ochiq maydonlarda ekishga tayyor holatda maxsus omborda saqlanmoqda. 2027-yilda 30 ming tonna super-elita kartoshka urug‘i tayyorlashni va O‘zbekistondagi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalariga yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Umuman, laboratoriyamizda bir yilda 10 million dona mini tuganak tayyorlash imkoniyati mavjud.
Koreyalik mutaxassisning aytishicha, korxonada tayyorlanayotgan urug‘likni fermer xo‘jaliklariga tarqatishda ularning iqlim sharoiti, yer unumdorligi va tuproq tarkibi o‘rganiladi. So‘ngra shu asosida ularga to‘g‘ri keladigan nav tavsiya etiladi. Tegishli sertifikatlar asosida urug‘likning sifati va hosildorligiga kafolat beriladi. Buning uchun korxona laboratoriyasi o‘simliklarni viruslarga tekshirish hamda tuproq tarkibini o‘rganuvchi so‘nggi avlod texnologiyalari bilan jihozlangan.
[gallery-28509]
– Shu paytgacha laboratoriyamizda tayyorlangan mikro tuganaklar asosida birinchi issiqxonamizda 1 milliondan ortiq mini tuganak yetishtirdik, – deydi korxona rahbari o‘rinbosari Iskandar Mahmudov. – Hozir ikkinchi issiqxonamizda ham mini tuganaklar qariyb tayyor bo‘lib qoldi va bu yerdan 5 millionta tuganak olishni ko‘zlab turibmiz. Bu mahsulotlarimizni yilning ikkinchi yarmida Toyloq tumanidagi “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligining ochiq maydonlariga ekib, super-super elita kartoshka urug‘larini yetishtiramiz. Kelgusi yildan esa fermerlarga kafolatli urug‘lik kartoshka yetkazib berishni boshlaymiz. Shu tarzda 2028-yilga borib yurtimizga xorijdan urug‘lik kartoshka olib kelishga hojat qolmaydi, 2029-yildan boshlab o‘zimiz urug‘lik eksport qila boshlaymiz. 2030-yildan esa kartoshkachilik klasteri sifatida sohani sanoat asosida rivojlantirishga hissa qo‘shamiz.
Suhbatdoshlarimizning fikrlaridan kelib chiqib, qolaversa, ko‘rgan-kechirganlarimiz asosida aytish mumkinki, bugun yurtimizda kartoshkachilik bo‘yicha chindan ham juda katta maqsadlar ko‘zlangan holda ishlar boshlangan. Va bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermoqda. Demak, yaqin bir-ikki yilda bu borada erishgan ilg‘or tajribalarimiz, iqtisodiy samaradorlik va farovonlik haqida suhbatlashishga imkoniyat bo‘ladi, albatta.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat),
O‘zA muxbirlari