2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha “Rektorlar maktabi” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yangi O‘zbekiston” universitetida “Rektorlar maktabi” dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab “Yangi O‘zbekiston” universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha “Rektorlar maktabi” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr akademik darajasiga va oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Tinglovchilarda akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, strategik boshqaruv va transformatsiya yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi.
O‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) olti oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi hamda Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSH) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Dastur doirasida davlat oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) lavozimiga tinglovchilarni o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmachisi hisoblanadi. Dastur doirasida tinglovchilarning ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qish davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va amaldagi o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladigan davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.
Davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan va oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) zaxirasiga kiritilgan shaxslar orasidan tanlab olinadi.
2026-yil 1-iyulga qadar Dasturga nomzodlarni saralash tartibi tasdiqlanadi.
Mazkur qarorda belgilangan talablardan kelib chiqib, o‘quv dasturi ishlab chiqiladi.
Dastur doirasida tinglovchilarni o‘qitish hamda Dastur yakuni bo‘yicha har yili 40 nafargacha tinglovchini Garvard universiteta (AQSH) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Tinglovchilarni o‘qitish va xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish xarajatlari uchun zarur mablag‘lar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan shartnoma asosida Universitetga o‘tkazib beriladi.
Bitta tinglovchini o‘qitish xarajatlari miqdori har yili Universitet tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
O‘zA