2026-2027-yillarda turizm va unga yondosh sohalarda 40 mingta ish o‘rni tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-2027-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, turizm va unga yondosh sohalarda 24 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi hamda 16 mingta ish o‘rnini “soyadan chiqarish” orqali jami 40 mingta ish o‘rni tashkil etiladi.
Sohani loyihaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazish orqali 31 ta turizm ob’ekti tashkil etiladi va ularning faoliyati rivojlantiriladi.
Joylashtirish vositalari soni 8 250 taga, ulardagi xonalar soni 95 mingtaga, shundan mehmonxonalar soni 1 380 taga hamda ulardagi xonalar soni 45 mingtaga yetkaziladi.
Turizm qo‘mitasining "Jozibador manzil - loyiha - infratuzilma - tadbirkor - targ‘ibot - sayyoh" zanjiri bo‘yicha loyiha boshqaruvi asosida:
a) 34 ta turizm ob’ektining master rejasi ishlab chiqiladi;
b) 31 ta turizm ob’ekti faoliyati tashkil etiladi hamda rivojlantiriladi.
Iqisodiyot va moliya vazirligi turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika byudjetidan 2026-yilda 450 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi, bir oy muddatda ushbu mablag‘lar hisobidan mazkur qarorda nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlari boshlanadi.
Turizm qo‘mitasi huzurida:
"Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi" davlat muassasasi negizida "Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi" davlat muassasasi;
"Ipak yo‘li" ofisi" davlat muassasasi negizida "Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi" davlat muassasasi tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq:
a) Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi respublika yoki mahalliy darajadagi barcha turdagi turistik zonalar va turistik klasterlar direksiya (departament)lari faoliyatini umumiy muvofiqashtiruvchi muassasa hisoblanadi;
b) davlat muassasasi hisoblangan turistik zonalar va turistik klasterlar direksiya (departament) rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari Turizm qo‘mitasi raisi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
v) 2026-yil 1-iyundan boshlab Turizm qo‘mitasi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilash va mumkin bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolarni joylashtirish orqali ularning hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi;
g) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri madaniy meros boshqarmalarining ilmiy-maslahat kengashlari tarkibiga mustaqil ekspertlar, turoperator vakillari va gidlar kiritiladi;
d) turizm sohasini barqaror va kompleks rivojlantirish maqsadida loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari, tadbirkor va investorlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ta’lim va ekspert tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlovchi "davlat - biznes - jamoatchilik - ta’lim" (Quattro) tizimi joriy etiladi;
j) 2027-yildan boshlab yiliga ikki marta Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sayyohlar o‘rtasida tanlanma kuzatuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
O‘zA