2021 yilgi Davlat dasturi ijrosi qanday baholandi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 2021 yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorov 2021 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilga nisbatan 7,4 foizga o‘sdi. Byudjet daromadlari 164,7 trln. so‘mga ijro etilgan bo‘lsa, davlat byudjeti xarajatlari 188,7 trln. so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 92,6 trln. so‘mni tashkil qildi. Ushbu xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30,9 foizga oshgan. 15 170 ta loyihalar ishga tushirilishi hisobiga 273,7 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2021 yilda go‘sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha umumiy qiymati 7,2 trln. so‘mlik 1 898 ta loyiha amalga oshirilgan. Buning natijasida yangi 21 ming ish o‘rinlari yaratishga erishildi.
Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish maqsadida 115,4 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar 40 ta yo‘nalishdagi kasb-hunarga hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga jalb etilgan.
85,6 ming nafar fuqaro kasbga o‘qitish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab sertifikatlarga ega bo‘lgan.
Hukumat hisoboti yuzasidan deputatlar, fraksiya a’zolari o‘z munosabatlari hamda takliflarini bildirdi. Jumladan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova yillik dastur ijrosi yuzasidan fraksiya pozitsiyasini bildirar ekan, asosiy e’tiborni partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy sohaga qaratdi. Aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikning oldini olish, muayyan kasblarni tanlashda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalarga e’tibor qaratish kabi masalalarga to‘xtaldi. Ijtimoiy himoya tizimiga oid masalalar 10 dan ortiq davlat tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan, ammo natija kutilgandek emasligini ta’kidladi.
Qizg‘in va tanqidiy ruhda kechgan majlisda Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi va tegishli qaror qabul qilindi.
Majlisda yana bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA