20 may – Butunjahon asalarichilar kuni
Asalning qanchalik shifobaxsh ekanligini bilasizmi?
Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino “Asal a’zoyi badanga tetiklik bag‘ishlaydi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, ishtahani ochadi, xotirani mustahkamlaydi, erta qarishning oldini oladi,” deya yozib qoldirgan. Darhaqiqat, ming dardga davo, deya e’tirof etiladigan asalning oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasini, gastrit, jigar xastaligi, buyrak, yurak-qon tomir, asab, ko‘z kasalliklari, anemiya – kamqonlik kabi xastaliklarni davolashda asqotishi fanda yaxshi ma’lum. Shu bois ham ko‘p xonadondan yozu qish asal arimaydi. Serquyosh, go‘zal tabiatli ona yurtimizning har bir go‘shasida asalarilar boqilib, turfa xildagi asal mahsulotlari elimiz dasturxoniga tortiq qilinadi.
2018 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 20 mayni Butunjahon asalarichilar kuni, deb e’lon qilgan. Har yili ushbu sana keng jamoatchilik e’tiborini asalarilar va boshqa changlatuvchilarning inson va sayyoramiz sog‘lig‘ini saqlashda tutgan muhim o‘rni hamda bugungi kunda ular duch kelayotgan ko‘plab tahdidlarga qaratish imkonini beradi.
Mamlakatimizda ham asalarichilikni rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash, aholi xonadonlarida oilaviy tarzda ushbu serdaromad yumush bilan shug‘ullanishga imkoniyat yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir. Mazkur qaror bilan “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi tashkil etilib, uning zimmasiga qator muhim vazifalar yuklatildi.
Xususan, asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish, asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlarini, yagona ilmiy-texnika, texnologik, investitsiya va eksport siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda asalarichilik xo‘jaliklarini o‘rmon fondi yerlariga, tog‘ va tog‘oldi hududlariga, tabiiy pichanzor va yaylovlarga hamda qishloq xo‘jaligi yerlariga joylashtirishni amalga oshirish uyushmaning ustuvor vazifalari sifatida belgilab berildi.
Shuningdek, asalarilar uchun sun’iy ozuqalar ishlab chiqarishni markazlashgan holda tashkil etishga ko‘maklashish va ushbu tajribani keng qo‘llash hisobiga asalarichilik xo‘jaliklari ozuqa bazasini mustahkamlash, asalari kasalliklarining oldini olish, davolash va tashxis qo‘yish bo‘yicha zamonaviy va ilg‘or usullarni joriy etish ishlariga ko‘maklashish vazifalari yuklatildi.
Yurtimizda asalarichilikni rivojlantirish uchun bank kreditlari ajratilib, xorijdan asalari oilalarini keltirishda imtiyozlar berila boshlandi. Hududlarda asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, qolaversa, aholi vakillarini ushbu sohaga qiziqtirish va shu orqali ish bilan band qilish borasida qator choralar amalga oshirilyapti. Oilaviy asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz doimiy daromad manbaiga ega bo‘lib, o‘z oilalarini moddiy ta’minlashga, orzu-havaslarini amalga oshirishga erishmoqda.
Asalarichilikni rivojlantirish barobarida, asalning koni foyda xususiyatlarini e’tiborga olgan holda davolash manbai sifatidagi o‘rnini yanada oshirish lozim. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida inson salomatligini mustahkamlash, tana immunitetini oshirishda asalning shifobaxshligini unutmaslik lozim.
Tibbiyotda asal bilan davolash “apiterapiya” deyiladi. Asalarining nafaqat asali, balki propolisi, zahri, gulchangi, mumi, suti tabiatning insonga ko‘rsatgan saxovatidir. Hatto asalarining jasadi ham shifobaxsh ekanligi aytiladi. Ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra, asalari o‘ligi ham shifobaxsh ekan. Inchunun uning tarkibida asal, asalari suti, mum, propolis, asalari zahari va geparin moddalari borligi aniqlangan. Tarkibidagi geparin omili qon bosimini maromiga keltiradi, yurak va qon tomirlari ish faoliyatini yaxshilaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, asal organizmga quvvat beruvchi tabiiy vosita sifatida doimo xonadonimizda, iste’mol ratsionimizda bo‘lishi koni foydadir.
Muhtarama Komilova, O‘zA