2 ming 290 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi
Buxoro shahar Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan hududdagi tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan hamda ishsiz yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilgan holda ularning bandligini ta’minlash borasida “Yoshlar va tadbirkorlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda faoliyat olib borayotgan bir qator ishbilarmon tadbirkorlar, mas’ul korxona, tashkilot xodimlari hamda yoshlar qatnashdi.
Ta’kidlanishicha, shaharda 18-30 yoshdagi yoshlar soni 58 ming 884 nafarni tashkil etadi. Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, shulardan 2 ming 553 nafari ishsiz yoshlar ekani aniqlangan.
Mazkur yoshlar bandligini ta’minlash borasida yil avvalida dastur ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq qurilish sohasida 345, tadbirkorlikka 784, qishloq xo‘jaligiga 273, bandlik jamg‘armasi tomonidan kasbga yo‘naltirish bo‘yicha 65 hamda 1 ming 86 nafar yoshlar boshqa yo‘nalishlar doirasida bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgandi. Bu borada ishlar tizimli tashkil etildi. bugungi kunga qadar 2 ming 290 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi. Shundan 900 nafari hokimlik va sektor shtablari tomonidan, 1 ming 390 nafar yoshlar tarmoq korxonalar tomonidan amalga oshirilgan.
Yoshlarga o‘z biznes rejalarini ishlab chiqishda ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, mehnat bo‘limi xodimlari, Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda kollejlarda muntazam ravishda uchrashuv va seminarlar o‘tkazib kelmoqda. Seminarlarda tadbirkorlikni boshlash uchun ishonchli g‘oya, sarmoya va bilim zarurligi ta’kidlanmoqda. Biznes uchun qayerdan pul jalb qilish mumkinligi tushuntirilmoqda.
Tadbirda “Buxoro milliy liboslari” xususiy korxonasi rahbari Aziz Ro‘ziyev, “MEGA HOUSE” MCHJ rahbari Farhod Qosimov, “Pasquale” MCHJ rahbari Feruz Ismoilov, “Sulsherjaxon” MCHJ mas’ul xodimlari hamda “Shohrud” AJ mas’ul xodimlari yoshlarga o‘zlarining ish faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Tadbirda shaharda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari tomonidan yoshlarga tadbirkorlik sir asrorlari va faoliyat yuritish tartiblari to‘g‘risida tushunchalar berildi.