184,4 million so‘m mablag‘ byudjetga qaytarildi
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegayli tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Kegayli tumani irrigatsiya bo‘limida olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida byudjetga keltirilgan jami 184 million 409 ming 299 so‘m pul mablag‘i to‘lig‘i bilan qaytarildi.
Departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi matbuot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, tuman irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, to‘lov vedomostlarini soxtalashtirgan. Jumladan, 2018 yilning iyun oyidan 2020 yilning yanvar oyiga qadar 106 nafar ishchi xodimga hisoblangan 116 million 4 ming 664 so‘m ish haqini xodimlarga tarqatmasdan o‘z manfaatlariga ishlatganligi hamda bo‘lim kassasidagi 1 million 225ming 606 so‘m naqd pulni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi. Shuningdek, bo‘limda ishlamagan fuqaro U.X.ga 16 million 142 ming 199 so‘m ish haqi to‘lanib, byudjet mablag‘i talon-taroj qilingan.
Bundan tashqari, bo‘lim mansabdor shaxslari shtatlar jadvalida payvandchi, chilangar va farrosh lavozimlari yo‘q bo‘lishiga qaramasdan payvandchi T.Kga 12 million 15 ming 526 so‘m, chilangar S.Gga 14 million 92 ming 418 so‘m, farrosh L.Sga 11 million 818 ming 677 so‘m ish haqi yozilganligi aniqlandi. Shuning bilan birga xodimlarga 15 foiz normativdan ortiq rag‘batlantirish puli hisoblanib, besh nafar xodimga smetadan ortiq 11 million 392 ming 520 so‘m pul mablag‘i to‘lab berilganligi ma’lum bo‘ldi..
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Kegayli tumani bo‘limi xodimlari tomonidan irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aybdor shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA