180 nafar talaba ishga yo‘llanma oldi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 4 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgan edi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlashish orqali talabalar o‘ziga munosib ish topishi, mutaxassislarga muhtojligi bor korxonalar, ishga joylashish imkoniyatlari va hududiy mehnat bozori haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish bilan birga ish beruvchilarga kerakli mutaxassislarni tanlashda amaliy yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
Mehnat yarmarkasida 70 ga yaqin tashkilot va korxona mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
– Tashkil qilingan mehnat yarmarkasi talabalarga, ayniqsa, ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji bor yoshlar uchun katta imkoniyat beradi, – deydi universitet rektori A.Reymov. – Avvalo, bunday imkoniyat va otalarcha g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdor bo‘lib, bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
Mazkur yarmarkada 3327 nafar talaba ishtirok etib, shu yerning o‘zida 180 nafardan ziyod talabaga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
[gallery-6231]
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA