18 aprel — Jahon merosi kuni
“Tarixiy obidalar asrlar savdosiga aylangan vaqt va tarixning bebaho yodgorligidir”
Butun dunyoda har yili 18 aprel - Xalqaro yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar kuni “Tarixiy vatanimizni asraymiz” shiori ostida nishonlanadi.
Jahon merosi kuni sifatida ham tanilgan bu kun 1982 yili YUNESKOning yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (ICOMOS - International Council on Monuments and Sites) tomonidan ta’sis etilgan.
Mazkur sana 1984 yildan buyon jahon madaniy merosini asrab-avaylash va shu masalaga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida nishonlab kelinmoqda.
1965 yil tashkil etilgan “ICOMOS” dunyoning 151 mamlakatidan 10 mingga yaqi individual a’zo va 28 xalqaro ilmiy qo‘mitani birlashtirgan. tuzilmaning madaniy merosni saqlash va asrab-avaylash faoliyati 1964 yilda yodgorliklar va tarixiy obidalarni muhofaza qilish, qayta tiklash xalqaro Xartiyasi (Venetsiya Xartiyasi) tomonidan qabul qilingan tamoyillarga asoslanadi.

Madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha asosiy hujjat 1972 yilda YUNESKO Bosh sessiyasida qabul qilingan va 1975 yil dekabrda kuchga kirgan “Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyadir. Konvensiyaga a’zo davlatlar o‘z hududidagi madaniy, tabiiy merosni muhofaza qilish, saqlash va kelajak avlodga yetkazishni ta’minlashi shart.
2021 yil holatiga ko‘ra Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi YUNESKO konvensiyasiga a’zo 167 davlatda o‘z identifikatsiya raqamiga ega 1154 ob’ekt mavjud. Shulardan 897 tasi madaniy, 218 tasi tabiiy va 39 tasi aralash.
bugungi kunda mamlakatimiz moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari muhofazasi bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Ayni payt O‘zbekiston 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lib kirgan YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatidan mamlakatimizdagi 4 ta me’moriy majmua – Buxoro shahri tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, Ichan qal’a majmuasi, Shahrisabz shahri tarixiy markazi joy olgan.
YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga esa bizning 8 mumtoz merosimiz - Boysun madaniy makoni, Shashmaqom mumtoz musiqasi, Katta ashula, Askiya san’ati, Navro‘z, Palov madaniyati va an’analari, Marg‘ilon hunarmandlikni rivojlantirish markazi: adras va atlas tikish, Xorazm raqsi – Lazgi) kiritilgan.
“Harakatlar strategiyasi” va “Taraqqiyot strategiyasi”da o‘lkamizning mahalliy ob’ektlarini YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ushbu maqsadlarga erishish bo‘yicha 2030 yilga qadar belgilagan reja Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi 119-sonli qarori 5-ilovasida keltirilgan. Hujjatda jahon merosi ro‘yxatiga 20 ta, Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga 5 ta va Jahon xotirasi dasturi xalqaro ro‘yxatiga 5 ta element kiritilishi rejalashtirilgan.
Hozir Yevropada ham tarixiy-madaniy yodgorliklar, obidalarni himoya qilish jadal tus olgan. Masalan, Fransiyada olib borilgan arxeologik qazishmalardan so‘ng monumental hududlar landshaftida restavratsiya jarayoniga kirishildi.
Angliya shimolida esa Rim imperatori Adrian buyrug‘i bilan imperiyaning shimoliy chegaralarini himoya qilish maqsadida qurilgan va 117 kilometrga cho‘zilgan Adrian devori, deyarli, butun saqlangan.
Umuman, Jahon merosi kuni xalqimiz, davlat idoralari vakillari e’tiborini turli mahalliy va tarixiy obidalarni, madaniy meros namunalarini asrab-avaylashga yana bir bor qaratish imkoniyatidir.
Mazkur sana munosabati bilan madaniy merosni asrab-avaylashga bag‘ishlangan turli anjumanlar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. Shu kuni xuddi Xalqaro muzeylar kunidagi kabi ayrim muzey va ko‘rgazma zallariga bepul kirish mumkin.
Hatto, oddiy kunlarda yopiq turadigan me’moriy majmualar, tarixiy binolarni ziyorat qilish imkoni ham bor.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA