16 milliard soʻmdan ortiq soliqlarni toʻlash muddati kechiktirildi
Toshkent viloyatida 16,3 milliard soʻmdan ortiq soliq toʻlovlarini kechiktirish boʻyicha imtiyoz beriladi.
Toshkent viloyatida 16,3 milliard soʻmdan ortiq soliq toʻlovlarini kechiktirish boʻyicha imtiyoz beriladi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumki, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatish borasida tezkor, ayni paytdagi eng zarur choralar koʻrilmoqda. Toshkent viloyatida ham iqtisodiyotga salbiy taʼsirni yumshatish hamda tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan muammoli masalalarni hal etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tadbirkor subyektlari murojaatlari viloyat mutasaddi rahbarlari tomonidan respublika shtabi hamda vazirliklar bilan operativ tarzda kunlik rejimda hal etib kelinmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni talablari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari murojaatlari asosida umumiy hisobda 109 ta tadbirkorlik subyektining soliq toʻlovlarini kechiktirish boʻyicha imtiyozlar yaratilmoqda.
Jumladan, 67 ta sanoat korxonasiga 12,1 milliard, 5 ta qurilish korxonasiga 0,2 milliard, 18 ta xizmat koʻrsatish sohasiga 1,5 milliard soʻmlik, shuningdek, boshqa sohadagi 19 ta korxonaga 2,5 milliard soʻmlik imtiyozlar yaratilishi koʻzda tutilgan.