14 iyun – Xalqaro donorlar kuni
Tibbiyot xodimlarining fikricha, doimiy ravishda qon topshirish organizmni yoshartirar ekan. Yana bir ma’lumot haqida eshitib qoldik: “Qon topshirgan odam insult hamda infarktga chalinmaydi!”.
Respublika qon quyish markazi direktori A’lonur Saidovni suhbatga chorladik.
– Ayting-chi inson organizmida nechchi litr qon bo‘ladi va uning qanchasini donor sifatida topshirish tavsiya etiladi?
– Inson organizmida 4,5-5 litr qon bo‘ladi. 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsiz hisoblanadi. Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-450 ml qon olinadi. Albatta, vazni katta odamlarda bundan ko‘proq bo‘ladi. Organizm topshirilgan, ya’ni yo‘qotilgan qonning suyuqlilik hajmini 1-2 sutkada, gemoglabindagi temir moddasini esa uzog‘i 2 oyda iste’mol qilingan mahsulotlar hisobiga tiklab oladi. Shuning uchun ham qon topshirish oralig‘i 2 oydan kam bo‘lmasligi kerak.
–Tibbiyot talabi bo‘yicha inson nechchi yoshgacha qon topshirishi mumkin?
– Qon donorligini butun dunyoda 18, ya’ni yetuklik yoshidan topshirish belgilangan. Yuqori yosh esa 60 yosh. Lekin ba’zi davlatlarda tug‘ilish kam bo‘lganligi bois, yuqori chegara olib tashlangan. Donorlik qonunlariga asosan yurtimizda ham agar yoshi katta odam sog‘lom bo‘lsa, vrach nazorati ostida qon topshirishi mumkin.
Ammo biz iloji boricha 60 yoshdan oshgan keksalardan qon olmaslikka harakat qilamiz. Chunki yurtimizda yoshlar ko‘p, ular donorlik qilsa, aholiga bemalol yetadi.
– Qonning sifati qanday tekshiriladi?
– Har bir inson o‘zida irsiy yoki surunkali kasalliklar bor yoki yo‘qligini yaxshi biladi. Surunkali kasalliklari bor odamlar donorlik qilolmaydi. Markazimizga murojaat qilgan inson eng avvalo ro‘yxatxonadagi bazadagi ma’lumotlar orqali tekshiriladi. Kasalliklar bazasida ro‘yxati chiqmasa, anketa to‘ldiradi. Anketada berilgan javoblarga qarab, vrach ko‘rigidan o‘tganidan so‘ng gemoglabin topshiradi. Gemoglabin ko‘rsatkichi erkaklarda 128, ayollarda 120dan yuqori bo‘lsa qon olinadi. Gemoglabin aniqlanganidan keyin donorlar zaliga kirib, qon topshiriladi. Tahlillar uchun 2 ta proberkaga qon olinadi. So‘ng bemorga quyiladigan qonning yaroqliligi aniqlanadi.
– Respublikamizda nechta donor bor?
– 2009 yilda yurtimizda qon xizmati bo‘yicha islohotlar boshlandi. Osiyo taraqqiyot bankining homiyligi asosida viloyatlardagi qon markazlari ta’mirlandi. O‘sha paytda 100 mingga yaqin donor bor edi. Hozirgi paytga kelib ularning soni 200 ming nafarga yetdi.
– Eng talab ko‘p va eng noyob qon guruhlari qaysilar?
– Yurtimizda har doim hamma qon guruhlariga talab yetarli. Statistika bo‘yicha 1- va 2- qon guruhi 30 foiz bo‘lsa, 3 qon guruhi ulardan kamroq. 4- qon guruhi 6-7 foizni tashkil qiladi. Eng noyob qonlar manfiy qonlar hisoblanadi. Chunki bu guruhdagi insonlar juda kam. Qaysi qon guruhidagi insonlar ko‘proq kasal bo‘lishini hech kim bilmaydi. Manfiy qon guruhidagi bemorlar ko‘paysa, taqchillik sezilib qoladi. Qonni zaxira qilib bo‘lmaydi, chunki uni saqlash muddati bor. Bu sharoitda, ya’ni qon zarur bo‘lgan holatda ro‘yxatda turadigan noyob qon guruhiga kiruvchi donorlar yordamga kelishadi.
– O‘tgan yili kutilmaganda karantin boshlandi va bu hammamizga muammo tug‘dirdi. Shunday paytda karantin zonalaridagi bemorlarga qon yetkazib berish muammosi qanday hal etildi?
– Karantin boshlanganida bizlar ham qiyin ahvolga tushib qoldik. Chunki birinchi navbatda harakat va muloqot cheklandi. Masofa saqlanadigan bo‘lindi. Donorlar bilan muloqot qilishimiz qiyin kechdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat bilan chiqdik. Ularning yordami bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari hukumatimiz topshirig‘i bilan grafik asosida markazimizga kelib, sog‘liqlari tekshirilgach, qon topshirishdi. Shular hisobiga vaqtincha zaxirani g‘amlab oldik.
Jahon tajribasidan foydalanib, tavsiyanomalar asosida volontyorlar yordamini tashkil etdik. Ijtimoiy tarmoqlarda berilgan e’lonlarimiz orqali beg‘araz yordam beruvchi insonlar soni ko‘paydi. Xalqimizda o‘zgalarga yaxshilik qilish xususiyati bor. Qondan taqchillik bo‘layotgan ekan, deb odamlar yordamga kela boshlashdi. Shunday qilib biz bu muammoni hal qildik.
– Donorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish borasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– 14 iyun – Xalqaro donorlar kuni hisoblanadi. 2005 yildan buyon bu bayram sifatida nishonlanib kelinadi. Bu kun avstriyalik qon guruhini aniqlagan vrach hamda olim Karl Lanshteynernining tug‘ilgan kuni munosabati bilan belgilangan. Shu kuni insonlarning donorlikka bo‘lgan beg‘araz yordamini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
Yurtimizda 2017 yildan hukumatimiz tomonidan “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 2015 yildan buyon shu nishon donorlarga berib kelinadi. Har yili 26 nafar donorlar shu unvon bilan taqdirlanishadi. Ularga 5 minimal maosh hisobida mablag‘ beriladi. Men ushbu nishonni qonga muhtoj bemorlarga beg‘araz yordam bergan insonlarga hurmat belgisi deb bilaman. Chunki qon topshirgan odam kamida 2 ta insonning hayotini saqlab qoladi.
Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA