103 yoshli Bibiniso momo ovoz berdi
Barcha yurtdoshlarimiz qatori Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani aholisi ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etmoqda.
Saylovning yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tishini ta’minlash uchun barcha saylov uchastkalarida zarur sharoitlar yaratildi. Tumanda 143 ming 900 nafar saylovchi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Tumandagi 8-maktab binosida joylashgan 957-saylov uchastkasida Karimobod va Dahanaqaqir mahallasida yashovchi 1 ming 730 nafardan ziyod saylovchi ovoz beradi.
Mazkur uchastkada ham ovoz berish jarayonlari aholining yuksak faolligida o‘tmoqda. Uchastka hududidagi saylovchilarning 38 nafari bemorligi, keksaligi va boshqa sabablarga ko‘ra, uyida ovoz berish istagini bildirgan. Jumladan, Karimobod mahallasida yashovchi 103 yoshli Bibiniso ona Tilloyeva ham bugun uyida turib, Prezident saylovida qatnashdi. Kayvoni onaxon uchastkaga bora olmasligi sababli, uning iltimosiga ko‘ra komissiya a’zolari ovoz berishini shu xonadonda tashkil etdi.
Uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida halol mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan piru-badavlat onaxonning atrofida 7 nafar nabira, 10 nafardan ortiq evaralar parvona.
– Yurtimizning ertangi kuni, nevara, evaralarim baxti uchun o‘zim eng yaxshi deb bilgan nomzodga ovoz berdim, – deydi Bibiniso ona Tilloyeva.
M.Sulaymonov, O‘zA