1 ming 495 ta oila kambag‘allikdan chiqariladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 sentyabr kuni mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, kambag‘al oilalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda bildirilgan fikr, taklif, tashabbus va topshiriqlar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida "Kambag‘al oilalar portreti" ishlab chiqildi. Unga asosan tumandagi 1 ming 495 ta oila kambag‘allik reyestriga kiritildi. Ular "Sayxunobod tumani tajribasi" asosida ishni yo‘lga qo‘yish orqali kambag‘allikdan chiqariladi.
–Bu ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun oldiniga "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi tayyorlandi. Tumandagi har bir mahalla, unda istiqomat qilayotgan oila va uning a’zolari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, unga asosan "Kambag‘al oilalar portreti" ishlab chiqildi,– deydi tuman hokimi O‘lmasjon Mamadaminov. – Ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan va ijtimoiy nafaqa oladigan 3 495 nafar oila ro‘yxati shakllantirildi. Ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan har bir oila o‘rganildi va 5 ta toifaga ajratilib, ehtiyojmand, og‘ir ahvoldagi 300 ta oilaga mas’ullar biriktirildi.


Eng asosiysi, "Sayxunobod tajribasi" asosida ish tashkil etilib, kambag‘al oila, ular a’zolari bandligini ta’minlash hamda o‘z xonadonini daromad manbaiga aylantirish maqsadida 3 talik va 5 talik oilaviy paketlar ishlab chiqildi. Ushbu paketlar hisobiga qoramol va qo‘y, parranda hamda asalari uyalari aholi xonadonlariga yetkazib berilib, oilaviy tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganlarga ko‘mak ko‘rsatilib, ular kambag‘allikdan chiqariladi. Shu kunlarda bu boradagi ishlar tumanda boshlab yuborildi.


Bundan tashqari, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha namuna tariqasida tumandagi Mustaqillik mahallasi tanlab olinib, unda istiqomat qilayotgan 799 ta oilaning "Ijtimoiy portreti” shakllantirildi. Ular beshta toifaga ajratildi va to‘rtinchi, beshinchi toifaga kiritilgan 33 ta ehtiyojmand oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha har bir oilaga beshtadan mas’ul biriktirildi.
Bu boradagi ishlar yil so‘nggiga qadar amalga oshirilib, tumandagi 1 ming 495 ta kambag‘al oila to‘lig‘icha kambag‘allikdan chiqariladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri