Markaziy saylov komissiyasining onlayn majlisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining raislari va a’zolari ishtirokida Markaziy saylov komissiyasining kengaytirilgan onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining raislari va a’zolari ishtirokida Markaziy saylov komissiyasining kengaytirilgan onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.Majlisda xalqaro kuzatuvchilar, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ham ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik milliy qonunchilikka, unda mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillariga to‘la muvofiq holda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini bajarish masalalari ko‘rib chiqildi. Dastur doirasida saylov komissiyalari tomonidan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 9058 ta saylov uchastkasi, jumladan, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalari ovoz berish uchun zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Har bir saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar haqida axborotlar mavjud. Uchastka saylov komissiyalari saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi haqida xabardor qilish ishlarini amalga oshirmoqda. Muddatidan oldin ovoz berish, shuningdek, saylov kuni saylov uchastkasiga kelish imkoniyati bo‘lmagan keksa saylovchilar va nogironlarning yashash joyida ovoz berishini tashkil qilish choralari ko‘rilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq saylov komissiyalari o‘z faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshirmoqda. Saylov komissiyalari fuqarolarni saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqtidan voqif etadi, saylovchilarning ro‘yxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxati bilan tanishtiradi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar haqidagi ma’lumotlar, ovoz berish va saylov yakunlaridan xabardor qiladi. Majlisda saylov komissiyalarining bu boradagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda MDH kuzatuvchilari missiyalari o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Ular saylov komissiyalari ishi bilan yaqindan tanishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari saylov jarayonidagi barcha tadbirlarda, xususan, har bir saylov uchastkasida ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda qatnashish huquqiga egadir. Ularning ishiga zarur shart-sharoit yaratish saylov komissiyalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbirda videoaloqa vositasida okrug saylov komissiyalarining a’zolari saylovni tashkil qilish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq amaliy masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.