Jizzax viloyatidagi barcha turdagi ta’lim muassasalari, tashkilot va mahallalarda O‘zbekiston xalq shoiri, o‘zbek ayolining sevgi va sadoqat timsoli bo‘lgan Zulfiyaxonim Isroilovaning tavallud kuni va bahorning boshlanishi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy, adabiy-musiqiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Forish tumani axborot-kutubxona markazi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan barkamol avlod bolalar maktabida hududdagi umumta’lim maktablarining eng faol kitobxon o‘quvchilari ishtirokida Zulfiyaxonim tavalludining 108 yilligiga bag‘ishlab adabiy-musiqiy kecha tashkil etildi.

Tadbirda shoira hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Kutubxonaning faol a’zolari bo‘lgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari Zulfiyaxonim ijodiga mansub she’rlaridan namunalarni yoddan o‘qib berdi.
“Zulfiyaxonim asari bilimdonlari” deb nomlangan bilimdonlar viktorinasi yig‘ilganlarning diqqat markazida bo‘ldi. Adabiy-musiqiy kechada o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan Vatanni, sadoqatni, bahorni tarannum etuvchi qo‘shiqlar va jozibali raqslar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbir yakunida viktorina g‘olib va sovrindorlari, adabiy-musiqiy kechaning eng faol ishtirokchi va ijrochi o‘quvchilariga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zulfiyaxonim tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirlar Jizzax viloyatining boshqa hududlarida ham qizg‘in davom etmoqda.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA