FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy, ijodiy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, fan, ta’lim va jamoatchilik faoliyatida yuksak natijalarga erishgan qizlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yuzlab iqtidor egalarini kashf etib, ularning kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shulardan biri — Andijon shahridagi Prezident maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rushona Rustamova. Qariyb 12 yildan buyon ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritib kelayotgan pedagog ta’lim sohasidagi fidoyi mehnati va tashabbuskorligi bilan yosh avlod tarbiyasiga hissa qo‘shib kelmoqda.
U mehnat faoliyatini Jalaquduq tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qituvchilikdan boshlab, keyinchalik Yoshlar ishlari agentligi tizimida, hozirda esa Andijon shahridagi Prezident maktabida mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda u ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Rushona Rustamova tashabbusi bilan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qator loyiha va tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, debat klublari, “Besh tashabbus — besh imkon” festivallari va “Yoshlar haftaligi” kabi tadbirlar yoshlar o‘rtasida keng ommalashdi.
Pedagog ta’limni boshqarish sohasida ham o‘z tajribasini keng jamoatchilik bilan bo‘lishib kelmoqda. Jumladan, Andijon shahridagi Prezident maktabi va hududlardagi o‘quv-treninglar orqali ta’limni boshqarishda zamonaviy yondashuvlar, Prezident maktablarining ilg‘or tajribalari bo‘yicha Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan 400 nafarga yaqin direktor o‘rinbosarlariga mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Bu esa ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
R. Rustamovaning mehnati davlat tomonidan ham e’tirof etilgan. U 2008-yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi bo‘lgan, 2016-yil respublika bosqichida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan. 2021-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni va 2024-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Shu bilan birga, u ilmiy faoliyatni ham izchil olib bormoqda. Andijon davlat pedagogika institutining mustaqil tadqiqotchisi sifatida Prezident maktablarida qo‘llanilayotgan tanqidiy fikrlash va tadqiqotga asoslangan o‘qitish metodlarini umumta’lim maktablariga joriy etish bilan shug‘ullanadi. Uning ilmiy maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda muntazam e’lon qilinadi.
[gallery-28055]
Bugun Andijon shahridagi Prezident maktabida 160 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olib, mahalliy va xorijiy tajribaga ega yuqori malakali pedagoglardan bilim olmoqda. Bu yutuqlarda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi Rushona Rustamova kabi fidoyi ustozlarning hissasi beqiyos.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA