Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiyaxonim izdoshlari
13:42 / 2025-03-10

An’anaga muvofiq, har yili 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy intellektual salohiyatini namoyon etayotgan qizlarimiz munosib rag‘batlantiriladi.

Bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 28 nafar qiz taqdirlandi. Ular orasida Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakulteti 1-bosqich talabasi Saida Abdullayeva ham bor.  

Saida Abdullayeva Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabida tahsil oldi. U maktab davridayoq shifokor bo‘lishga qiziqdi. Shuning uchun kimyo va biologiya fanlarini chuqurroq o‘rganib, fan olimpiadalarida ishtirok etdi. Ayniqsa, kimyo fanidan o‘tkazilgan olimpiadalarning maktab-shahar-viloyat-respublika bosqichlarida munosib ishtirok etdi.  

Jumladan, Saida Abdullayeva 2023 yilda Xiva shahrida ilk bor o‘tkazilgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Germaniya, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning 15 mamlakatidan tashrif buyurgan 130 nafar bilimdonlar o‘zaro bellashgan mazkur tanlovda u 2-o‘rinni egallab, kumush medal sovrindori bo‘ldi.  

2024 yilda Saida Abdullayeva kimyo bo‘yicha fan olimpiadalarining nafaqat respublika bosqichlarida, shuningdek, xalqaro miqyosdagi nufuzli bilim bellashuvlarida ham ko‘plab yutuqlarga erishdi.

Dastavval, Toshkent shahrida o‘tkazilgan Butun Sibir kimyo olimpiadasida 1-o‘rinni egallab, Novosibirsk davlat universiteti kimyo fakultetida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Aprel oyida esa Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazilgan 58-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida 3-o‘rinni egallab, bronza medali sohibasi bo‘ldi. Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan 56-Xalqaro kimyo olimpiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Beyond” xalqaro olimpiadasida esa g‘olib bo‘ldi.  

Ko‘plab xalqaro olimpiadalar g‘olibi va sovrindori Saida Abdullayeva 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakultetiga test sinovisiz hamda qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri