Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.
Namangan shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida tashkillangan ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-musiqali tadbir o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlandi.
Maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulchehra Zokirova, Namangan davlat universiteti katta o‘qituvchisi, filogogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Havasxon Solixo‘jayeva, maktab direktori Nodira Ro‘zimatovalar so‘zga chiqib, millatimiz ko‘zgusi sanalgan ona tilimizga bo‘lgan ehtirom o‘z volidamizga bo‘lgan munosabatdagidek yuksak e’zozlash zurarligini ta’kidladilar.
Darhaqiqat, o‘zbek tili, uning rivoji barchamiz uchun daxldor bo‘lgan masaladir. Zero, milliy qiyofamiz, o‘zligimiz, o‘tmish va kelajagimiz ayni shu til bilan bevosita bog‘liq. Chunonchi, dunyoda ikki mingdan ortiq til mavjud. Ammo har bir davlat, millat, xalq uchun o‘z ona tilidanda qadrliroq til yo‘q.
“Ona tilim – g‘ururimsan, baxtimsan!” ezgu g‘oyasi asosida bo‘lib o‘tgan tadbirda yuqori sinf o‘quvchilarning chiqishlarida o‘zbek tili tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga alohida e’tibor qaratildi. She’riyat mulkining sultoni qalamiga mansub g‘azal va ruboyilarga bastalangan qo‘shiqlar jonli ijroda maromiga yetkazib, kuylangani olqishlandi.
Xalq og‘zaki ijodining durdonalaridan biri – “Go‘ro‘g‘li” dostonidan namunalarni o‘zida aks ettirgan sahnali ko‘rinishlarda o‘quvchilar o‘zlarining ijodkorlik qobiliyatlarini to‘laqonli namoyon etdilar.
O‘quvchilar tadbir davomida 1989 yilning 21 oktyabrida davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati haqidagi tushunchalarini she’riy satrlarida izhor qildi.
Maktab o‘quvchilarining ona tilimizga bo‘lgan yuksak ehtirom ko‘rsatishining zamirida, ta’lim dargohining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining mashaqqatlari mehnatlari hamda darslarni interfaol usullarda o‘tayotganining mahsuli mujassam, desak aslo yanglishmaymiz. 31-maktabning 11 nafar tilchi muallimi darslar bilan cheklanibgina qolmasdan, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi hamkorligida ochgan to‘garak mashg‘ulotlarining samaradorligini ham ta’minlashmoqda.
Universitetning yosh, tilshunos olimasi tomonidan ajoyib tashabbus ilgari surildi. Ona tilimizni va adabiyotimizni o‘rganishga qiziqqan yuqori sinf o‘quvchilari bepul kurslarda oliy ta’lim muassasalari imtihonlariga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari aytib o‘tildi.
Tadbirni tashkillashtirishda hissa qo‘shgan Ustoz muallimlar va unda faol qatnashgan bir qator iqtidorli o‘quvchilarga faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va badiiy kitoblar jamlanmasi taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA