Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya va Zulfiyaxonim qizlari
17:17 / 2025-02-04

Adabiyotimiz tarixini varaqlasak, har bir ijodkorning o‘z o‘rni, o‘z qiyofasi borligiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Yassaviy to‘rtliklarida dunyoning, mol-mulkning o‘tkinchiligi, o‘limning haqligi va oxirat qayg‘usi bo‘rtib turadi. “Navoiy” deganimizda o‘zbek adabiyoti va adabiy tili shakllanishidagi beqiyos o‘rni, olamshumul badiiy tafakkuri, sermahsul va teran adabiy merosi yodimizni chulg‘asa, “Bobur” otini aytganda, Vatan sog‘inchi, dilbar shaxsiyat, bitiklaridagi cheksiz samimiyat va ulug‘ jasorat ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Behbudiy, Qodiriy, Fitrat, Hamza, Cho‘lponlar siymosini eslaganda esa, jadid adabiyoti, har tomonlama yangilangan badiiy tafakkur va uning mevalari haqidagi o‘ylarga cho‘mamiz. Xuddi shunday, Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, Shayxzoda, U.Nosirlarning ham o‘z o‘rni va qiyofasi bor. Mana shu rakursdan qaralganda, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixida, nazarimda, avvalo, vafo va sadoqat kuychisi va ramzi sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

Albatta, yuqorida nomlari zikr etilgan ijodkorlarning iste’dod darajalari va millat tarixida tutgan o‘rni har xil. Chunonchi, Zulfiya shoira sifatida, garchi xalqaro miqyosda nomi tanilgan bo‘lsa-da, ulug‘ ijodkorlarimizga nisbatan kamtarroq mavqeni egallaydi. Lekin boshiga tushgan fojiali qismat va uni munosib qarshi olish bobida mislsiz jasorat ko‘rsatgani darrov e’tibor tortadi. Aynan shu jihatiga ko‘ra ham Zulfiyaxonim yoshlarimizga o‘rnak bo‘la oladi.

Sadoqat kechagi gap emas. Vafo va sadoqat adabiyotning eng go‘zal mavzulari sifatida har doim ulug‘lanib, kuylanib kelingan. Fariduddin Attorning “Ilohiynoma”sida “Pokiza ayol sadoqati” degan hikoyat bor. Ushbu hikoyatda ham ayol muhabbati va sadoqati vasf etiladi.

Sharq mumtoz adabiyoti ming yillardan beri sadoqatni kuylagan ekan. Agar ayol sadoqati bo‘lmaganda, Attordek valiy shoir unga e’tibor qilib, asarida tarannum etarmidi? Albatta, yo‘q.

Erkak kishiga mardlik, jasorat qanchalar yarashsa, ayolni vafo va sadoqat shu daraja bezab, ulug‘laydi.

O‘zimizga yaqinroq zamondan bir misol: ustozlarimizning aytib berishicha, Ikkinchi jahon urushi vaqtida jangchilar orasida front ortida qolgan ayollarining iffati ustida har xil shubha-gumonlar kezib qoladi. Urush bu – urush, axir! Shunda frontdagi askarlar ruhiyati tushib, jangni tashlab ketish hollari paydo bo‘ladiyu adabiyot, she’riyat yordamga keladi, natijada hammaning e’tiborini o‘ziga tortgan bir she’r tug‘iladi. U askarlar ko‘nglini xotirjam etadigan bir she’r bo‘lib, o‘qigan askarki bor, tashlab qo‘ygan qurolini qayta qo‘liga oladiyu borib safga turadi. Bu K.Simonovning “Meni kutgil” she’ridir. E’tiborlisi shundaki, bu she’rni Zulfiyaxonimning turmush o‘rtog‘i, atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjon o‘zbekchaga o‘girgan, O‘zbekiston Xalq hofizi Sherali Jo‘rayev esa qoyilmaqom qilib kuylagan. Ajab, H.Olimjon “Meni kutgil” she’rini tarjima qilish bilan go‘yo o‘limini oldindan his qilgan va tirik paytidayoq vafo-sadoqat haqida yori Zulfiyaga murojaat etgan kabi. Ya’ni H.Olimjon xuddi u dunyodan turib bu dunyoda qolgan yoriga o‘z tilidan xitob qilayotgandek. Axir, tarjima ham ijod, ijodning bir turi:

Meni kutgil va men qaytarman,

Faqat kutgil, juda intizor,

Kutgil, yomg‘ir zeriktirganda,

Meni kutgil, yoqqanida qor...

 

Xat kelmasdan uzoq yerlardan,

Yuragingni qilganida qon,

Kutgil, senla birga kutganlar

Zerikkandan chekkanda fig‘on...

 

Mayli, o‘g‘lim, singlim, volidam,

Aza ochsin men yo‘q tufayli.

Kutaberib sabri tugagan

Yoru do‘stlar, oshnolar, mayli,

Ayriliqqa berolmasdan tob,

Achchiq-achchiq ichsinlar sharob.

Ko‘zlaringga to‘lsa hamki, yosh

Faqat sen kut va ayla bardosh...

Bu she’rni frontdagi jangchilarning aksariyati ko‘krak cho‘ntagiga solib yurishgan, undan kuch, dalda olishgan. Bu she’r sadoqat haqida bitilgan va o‘quvchiga juda katta ta’sir qilgan bitik sifatida o‘z vaqtida mislsiz missiyani ado etgan, hozir ham sevib o‘qiladi.

Xo‘sh, bugun biz adabiyotning ana shunday vazifasini his qilib, shunday kerakli bitiklar bita olyapmizmi?

Axir, o‘z vaqtida Zulfiyaxonim bitgan edi-ku! U bor-yo‘g‘i 9 yilgina birga yashagan yori H.Olimjonga qarata: “Men hayot ekanman, hayotsan sen ham” deya, uni o‘zi bilan bir umr yashata bildi-ku!..

Shu muhabbati, shu vafosi bilan urush yillarida va undan keyin ham ming-minglab beva qolgan ayollarga dalda, tirgak bo‘la oldi-ku! Mana, haqiqiy adabiyotning ijtimoiy kuchi qayerda! Adabiyotni faqat shaxsiy dardni aytadigan tor maydonga aylantirmaslik kerak, uning sarhadlari cheksiz darajada kengki, kezgan odam biladi. Qolaversa, shaxsiy dardni ijtimoiy dard darajasiga olib chiqish – alohida san’at. Buni Simonov ham, Zulfiya ham uddalashgan edi. Ular o‘z shaxsiy dardi – sevgi, hijron va sadoqati haqida kuylab turib, millionlarning dardlarini o‘zlarinikiga qo‘shib yuborishgan. Buni adabiyot ilmida shaxsiylanish, ya’ni personifikatsiya hodisasi deyishadi.

A.Oripovning mashhur “Ayol” she’rida shunday misralar bor: “Abadiy hijronni hayhot, do‘stlarim, Abadiy visol deb bildi kelinchak”. Nazarimda, aynan Zulfiya va zulfiyalar ana shunday she’rlarning prototipi bo‘lgan. Zulfiyalar hayotdan adabiyotga ko‘chgan bo‘lsa, Zulfiya adabiyotni hayotga ko‘chira bildi. U Abdulla Oripov she’ridagi beva ayol adabiyotda o‘ynagan rolni hayotda ijro qila oldi.

“Nega mukofot uchun aynan Zulfiya tanlandi?” degan savolni qayta va qayta o‘zimga beraveraman. Adabiyotimizda undan ko‘proq va xo‘proq ijod qilgan boshqa ayol ijodkorlar yo‘qmidi? Boridi. Nodira, Uvaysiylar boridi.

Zamondoshlardan Saida Zunnunova boridi. Hamda ularning bari nomlariga mukofot tashkil etishga ming karra munosib edi. Biroq baribir, Zulfiya tanlangan. Nega? Chunki uning hayot yo‘lida xotin-qizlarimizga o‘rnagu namuna bo‘ladigan shaxsiy fojia shunday bo‘rtib turadiki, aynan shu jihatiga urg‘u berilgan, deya mushohada qilaman o‘zimcha. Turmush o‘rtog‘i kimsan – mashhur shoir H.Olimjon vafotidan keyin sho‘rlik ayolning boshidan va yuragidan nimalar kechgani yolg‘iz o‘zigayu Yaratganga ayon. Uning she’rlarida aks etgan iztirob o‘sha shafqatsiz hijron kechinmalarining bir qismi, xolos. Zulfiya hijronni boshiga toj qilib kiydi:

Sog‘inganda izlab bir nishon,

Qabring tomon olar edim yo‘l.

Keltirarding menga bir zamon,

Endi har chog‘ men eltaman gul.

Ijodkorlar bor, faqat ijodi, yozgan she’rlari, romanlari eslanadi, alqanadi. Ijodkorlar bor, ularning shaxsiyati haqida yaxshi gaplar qoladi. Yana shunday ijodkorlar borki, ularning asarlari bilan birga, shaxsiyatlari ulug‘lanadi, qadr topadi. Zulfiya, avvalo, bosib o‘tgan hayot yo‘li bilan yodlarimizda qoldi. Bugun Zulfiya hayoti va ijodini namuna qilib qizlarimizga ko‘rsatayotgan ekanmiz, sababi shu – uning shaxsiyati, bosib o‘tgan hayot yo‘li, turmush o‘rtog‘iga sadoqati, adabiyotga xizmati, el aro ko‘rsatgan ibratidir.

O‘zbekiston Qahramoni, ustoz munaqqid va tarjimon Ibrohim G‘afurov: “Zulfiyaxonimni sadoqat timsoli deyishadi. Rostdan ham, barcha she’rlari, dostonlarining zamiri shu tuyg‘u, shu olijanob tuyg‘uga qurilgan. Qadimdan qolgan naql borkim, odam qanday bo‘lsa, she’r ham shunday. Tabiat Zulfiyaning xamirini sadoqat kimyosi bilan qorgan. U har qanday sharoitda o‘z xalqining sadoqatli qizi bo‘loldi. Har qanday sharoitda suyukli Vatan – O‘zbekistonga sadoqat saqladi. Uning sadoqati komil e’tiqod darajasiga yetishdi” deb yozadi.

Ha, yorni qoyillatib seva olgan inson Vatanni ham jonini tikib seva biladi. Zulfiyaning “Xotiram siniqlari” dostoni so‘zimiz isbotidir. Unda: “Hurriyat keldingmi – nahotki kelding... Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim...” degan misralar borki, bu Istiqlol sog‘inchi, sevgisi edi. Ya’ni yor sevgisi va unga atalgan hijron yonida ulug‘ Vatanning yodi va muhabbati ham yashagan, yashay olgan.

“Shoirlik nima? Ming yillardan qolgan bu savolga har bir davr o‘z javobini berishga intiladi. Darhaqiqat, u hunarmi, san’atmi? Tafakkurni lol qiluvchi sehrmi? Va yo hech kim hech qachon anglab yeta bilmas mo‘’jizami? Bir zamonda shoirlikni jodu deb atadilar, odamlarni haq yo‘lidan ozdirguvchi kufr dedilar. Boshqa bir zamonda uni payg‘ambarlik darajasiga ko‘tardilar.

Bir davrda shoirlikni targ‘ibotchilik-tashviqotchilik deb angladilar, boshqa bir davrda uni inson qalbi uchun, erk, saodati uchun kurashmoq, jang qilmoq deb bildilar. Zamonlar o‘tdi, dunyoqarashlar o‘zgardi, dinlar, maslaklar, g‘oyalar almashindi. Lekin shoir hamisha elning jigari bag‘ridan bunyod bo‘lgusi zurriyot, el xonadonining chirog‘i, ertangi kunga yetguvchi sadosi bo‘ldi. Xalqning, davrning xotiroti bo‘lib dunyoga keldi. Shoirsiz yurt – bulbulsiz chaman, yulduzsiz osmon, mayoqsiz bandargoh. Shoir qaysi zamonda, qaysi yurtda yashamasin, birinchi galda o‘z qalbining holatini ayon etadi va agar bu holat minglarning, millionlarning qalbiga esh bo‘lsa shoir nidosi umumxalq, umumbashariy nidoga aylanadi. Shoirlik hamma zamonda qismat bo‘ldi” deb yozadi qahramon shoirimiz E.Vohidov Zulfiya haqidagi “Shoiraning hayot qo‘shig‘i” maqolasida.

Biz-chi, biz uni qismat deb bilamizmi? Yoki shaxsiy manfaatlarimiz yo‘lida qurbon qilib yubordikmi?..

Men Zulfiyaxonim qizlari ro‘yxatini ko‘rib chiqdim. Ularning orasida ayrimlarini tanir, ayrimlariga universitetlarda dars bergan ekanman. Hatto Zulfiyaxonim qizlaridan biriga hozirda Milliy universitetda ilmiy rahbarlik ham qilyapman. Ya’ni bu qizlar haqida kitoblardan o‘qib yo odamlardan eshitib bilgan odam emasman. Ularning qanday shakllangani, yutuq va yutqiziqlarini shundoq mening ham ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lib bordi, bormoqda. Yutuqlaridan quvongan bo‘lsam, kamchiliklaridan qayg‘urganman. Hatto tanqid ham qilganman. Masalan, “To‘rtko‘cha” romanida Zulfiya mukofotiga erishish uchun ayrim nomaqbul ishlar ayovsiz tanqid ostiga olingan. Shu bilan birga, ular yozgan she’rlardan yod ham aytib yuraman.

Yutuqlarning bari ularniki, mukofotni yaxshi niyat bilan tashkil etganlarniki, bir so‘z bilan aytganda, elimizniki.

Ammo...

Xo‘sh, bugun Zulfiya xonim izdoshlari chinakam izdoshlarmi yoki ularning davlatning yuksak mukofotini olishdan maqsadi – jamiyatda muayyan imtiyozlarga ega bo‘lish uchun edimi?

Zulfiyaxonim izdoshlari adabiyotni yoki boshqa sohani, ustoz E.Vohidov aytganidek, o‘z qismatiga aylantira olganmi? Ya’ni Zulfiyaxonim qizlari butun umr faqat farzand maqomida qolmoqdalarmi yoki o‘zlari ham bittadan Zulfiyaga aylanmoqdalarmi?.. Mana bu savol anchayin og‘ir?.. Uning javobi-chi?!..

Chunki Zulfiya mukofoti qizlarimizga imtiyoz berish bilan birga, juda katta mas’uliyat ham yuklagan. Chunki oddiy bir qiz qandaydir xatoga yo‘l qo‘ysa, birov e’tibor bermasligi mumkin, biroq Zulfiya mukofoti sovrindori kichik bir xato qilib qo‘ysa ham, go‘yo osmon uzilib yerga tushadi. Hatto nog‘ora qilib chalinadi, hatto chalinmoqdaki, qizlarimizni hushyorlikka chorlaydi. Chorlamog‘i kerak. Zero, zulfiyachi bo‘lish jamiyatdagi barcha qizlarga, ayniqsa, o‘sib kelayotgan qizaloqlarga o‘rnak, namuna ekanligini aslo unutmaslik lozim. Ya’ni davlat sizga ushbu mukofotni berar ekan, bu bilan go‘yo: “Sen o‘rnaksan, namunasan, qanchadan-qancha singillaring havas bilan senga boqib, sening ortingdan ergashib kelmoqda!” demoqda.

Albatta, bugun dunyo turlanib boryapti. Unda bilib yo bilmay xatoga yo‘l qo‘yish, tanlagan kasbingni o‘zgartirish sabablari to‘lib yotibdi. Farishtadek yashab o‘tish inson yo‘li emas, inson borki, xato qiladi, adashadi. Bularni qabul qilamiz. Biroq, baribir, jamiyatda Zulfiya mukofotiga ega bo‘lish degani boshqa qizlarimizga ko‘ra mas’uliyatingiz ikki hissa ko‘p degani, ushbu mukofotga kimningdir yoki nimaningdir yordami bilan emas, balki o‘z iste’dodingiz va mehnatingiz bilan munosib bo‘lganingizni isbot qilish, deganidir. Toki, odamlar sizning qay biringizgadir kinoya bilan qarab: “Zulfiyachi qizning ahvoliga boq!” demasin.

Shuningdek, Zulfiyaxonim qizlari safiga kirish qizlarimizning mas’uliyatini oshiradi, oshirishi kerak, aslo va aslo g‘ururu kibrini emas. G‘ururu kibrga erk berish yana bitta xato. Bilib turib qilingan xatodir. Shuning uchun uyg‘oq bo‘lish kerak!

Men bolamga uxlatguvchimas,

Uyg‘otguvchi allalar aytgum,

deydi Zulfiyaxonim qizlaridan biri (Guljamol Asqarova). Men darsda mizg‘ib qolgan talabalarga hamisha shu she’r parchasi bilan murojaat qilib, ularni ma’nan uyg‘onishga chorlab turaman.

Endi yuragimga joylashib olib,

Ko‘zlarimdan qarab tur, Tangrim!

Ko‘zlarimdan qarab tur, Tangrim!

Deydi boshqa zulfiyachi qiz 15 yoshida yozgan she’rlaridan birida. Bu – Mehrinoz Abbosova. Ushbu misralarni 2013 yilda televideniyeda berilgan “13-chi studiya” ko‘rsatuvida tahlil ham qilganman.

Men maqoladagi barcha she’r parchalarini yoddan yozyapman. Chunki ular allaqachon kaminaning ma’naviy, adabiy mulkiga aylanib ulgurgan.

Demak, Zulfiyaxonim qizlari o‘zidan ancha katta avlod yod olib aytib yuradigan she’rlarni allaqachon yozib ulguribdi ekan. Biroq ushbu baho ham mas’uliyatni faqat oshirishi kerak, aslo g‘ururi kibrga asos bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, Zulfiyaxonim kabi bo‘lib, faqat yor hajrini, shaxsiy dardni kuylash bilan cheklanmay, elning, yurtning dardini ham she’r va romanlarga solish, muqaddas so‘z bilan xalqning yonida turish kerak bo‘ladi.

Katta adabiyotning vazifasi shunday belgilanganki, uni hech kim bekor qila olmaydi. Ana, kunlardan bir kun uchta talaba yigit ishxonamga kirib keldi. Suhbatlashar ekanmiz, “Yashagimiz kelmay qolgan, ustoz” deyishdi. Ular o‘zlari ham anglab yetmagan sababga ko‘ra allaqanday tushkun kayfiyatga tushib qolishgandi. Xo‘sh, yosh turib nega hayotni inkor qilishmoqda?

Bugun yoshlarimizning, xususan, qizlarimiz hayotida qanchadan qancha muammolar bor. 2023 yili kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida yotganimda, yarim tunda bir qizni olib kelishdi. 16 yoshda ekan, 4-qavatdan o‘zini tashlab yuboribdi. Sababi – uydagi muammolar, ota-onasi bilan kelishmovchilik. Kuni kecha men Misr, Iordaniya safaridan qaytdim. Misr ehromlariga yurtdoshlarimiz uchun yo‘l yopiq ekan. Nega? Chunki ayrim yoshlarimiz orasida ehromga boraman deya, Qohira orqali Suriyaga o‘tib ketish hollari bo‘lyapti ekan. Shu uchun ehtiyoj chorasi sifatida o‘zbekistonliklarga vaqtincha ruxsat berilmayapti ekan. Demak, yashagisi kelmayotgan yigitchalarga, o‘z joniga qasd qilayotgan qizchaga, kimlarningdir tegirmoniga suv bo‘lib quyilayotgan yetti yot urushga qarab chopib ketayotgan yoshlarga munosib so‘z aytish va bunday radikal yo‘llardan qaytarish kerakmi? Kerak! Ularning aksari zulfiyachi qizlarning tengdoshlaridir. Ijodkor qizlar tengdoshlar dardini yaxshiroq tushunadi. Ularning qalbini, alaloqibat, hayotini saqlab qolish uchun adabiyot maydonga tushmog‘i zarur. Ya’ni adabiyotning sevgi, ayriliqdan boshqa vazifalari ham borki, unutmaslik kerak.

Xullas, yozaman, so‘z bilan tengdoshlarimga xizmat qilaman desangiz, mavzu to‘lib-toshib yotibdi. Adabiyot ana shunday vazifasini ado etmog‘i lozim. Zulfiyaxonim qizlari esa esa, ijodkor qizlar orasidan tanlab olinganlaridir. Ko‘ryapsizmi, vazifa va mas’uliyat yonma-yon kelmoqda. Demak, qiladigan ishlar ko‘p. Buni idrok etsak va ishga kirishsak, bas.

Uzun so‘zning qisqasi, latofatli Zulfiyaxonim qizlari, izdoshlari!

Sizlardan umidimiz katta.

Bugun bu qizlar respublikamizning turli sohalarida mehnat qilmoqda yoki uyda farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul.

Hatto bitta munosib o‘g‘il yo qizni tarbiyalab elga qo‘shish ham Vatanga munosib xizmatdir.

Eng muhimi shuki, Zulfiyaxonim izdoshi bo‘lish bilan birga, bu ijodkor qizlarning bittadan Zulfiyaga aylanishining tarafdoriman. Xoh ishda bo‘lsin, xoh uyda. Albatta, o‘z nomi va yo‘li bilan!

Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi