Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya Tuyeva: “Patronaj xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish zarur”
07:23 / 2022-06-17

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifat va samaradorligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

“Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak” degan ezgu tamoyil hayotimizning barcha jabhalariga to‘la tatbiq etilib, ko‘p sohalarda, jumladan, tibbiyot tizimida ham bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak” degan so‘zlari sohadagi islohotlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. 2022 yil 18 mart kuni Davlatimiz rahbari raisligida sog‘liqni saqlash xodimlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot tibbiyot tizimida so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki tadbirda yuqori malakali tibbiy kadrlar salohiyati va sonini oshirish, chekka hududlarda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, pediatriya va ixtisoslashtirilgan klinikalar tarmog‘ini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalarni tibbiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohadagi korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi. Sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Buxoro viloyati ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xalq deputatlari viloyat Kengashi vakillaridan tuzilgan Ishchi guruh tomonidan joylardagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganildi.

– Buxoro tumani tibbiyot birlashmasida yaxshi tajriba bor ekan, – deydi Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Zulfiya Tuyeva. – Jumladan, tibbiyot birlashmasi ichida ichki order tashkil qilingan. Mazkur orderni olgan bemorlar birlashmada bepul davolanadi. Barcha dori-darmon va jarrohlik amaliyoti birlashma tomonidan qoplanadi. Tuman tibbiyot birlashmasidagi ikkita “Damas” avtomashinasi bemorlar xizmatida. Ya’ni jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, qo‘l oyog‘i singan bemorlarni uyiga etib qo‘yish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Oilaviy tibbiy ko‘rik taklifnomasi ham tashkil qilingan. Unga ega bo‘lgan oila tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkaziladi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davolanishga yo‘llanma beriladi.

O‘rganishlar davomida joylarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati sifatini tubdan yaxshilash, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish borasida bir qator kamchiliklar ham borligi aniqlangan. Jumladan, viloyatdagi oilaviy poliklinikalarning moddiy texnika baza talabga javob bermaydi. Mavjud jihozlar ma’nan eskirgan.

Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, viloyatda

0,25 va 0,5 shtat birligida ishlovchi o‘rta tibbiyot xodimlari masalasi ham muammolardan biridir. bugungi kunda viloyatda bir nafar hamshira o‘rtacha 0,7 hissada faoliyat olib bormoqda. Biroq, tibbiyot texnikumlari va kollejlari tomonidan rejasiz ravishda o‘rta tibbiyot xodimlarining o‘qitilishi, amaliy tibbiyot oldida ularni ish bilan ta’minlash muammosini keltirib chiqarmoqda. Eng ko‘p muammoli masalalar birlamchi tibbiy-sanitariyaning bosh bo‘g‘ini hisoblangan patronaj xizmati faoliyatida uchramoqda. Ularga 2017 yilda berilgan patronaj sumkalari o‘z xizmatini o‘tab, ma’nan eskirgan. Shuningdek, joylarda aholi orasida olib borilgan o‘rganishlarda ular o‘z mahallalariga biriktirilgan patronaj xodimining kimligini bilmasligi, aholi xonadonlariga kelmaganligini aytishgan.

– Patronaj hamshirasi nafaqat kasal bo‘lgan va homilador ayollarni borib ko‘rishi, balki, boshqa xonadonlariga ham kirib fuqarolar sog‘ligini nazorat qilishi, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishi, hududlarda aniqlanayotgan kasalliklarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilib borishi kerak, – deydi deputat Zulfiya Tuyeva. – Yana bir ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan muhim masala bor. Bu ham bo‘lsa davlat tibbiyot muassasalari oldida joylashgan xususiy tibbiyot klinikalari masalasi. Davlat tibbiyot muassasalarida ishlovchi xodimlar ushbu muassasa hududida yoki yaqin hududlardan o‘zlariga xususiy klinikalar ochib olgan. Ayrim shifokorlar ish vaqtida ham xususiy klinikalarda bemorlarni qabul qilmoqda. Ham davlatdan oylik maosh, ham bemorlarga tibbiy xizmat uchun pullik xizmat ko‘rsatmoqda. Bu esa aholi orasida turli noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.To‘g‘ri mashaqqat bilan orttirilgan bilim evaziga malakali bo‘lgan har bir tibbiyot xodimi mehnati va bilimiga mos ravishda daromad topishga, farovon yashashga haqli albatta. Biroq, davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy xizmat bepul, davlat mablag‘lari belgilangan aniq maqsadlar yo‘lida ishlatilishi kerak.

Buxoro shahridagi 9 - oilaviy poliklinika Alpomish ko‘chasi, 5-B-uyda joylashgan 1973 yilda qurilgan yotoqxonaning I-, II- va III-qavatlarida moslashtirilgan binoda 2009 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Binoning 1-qavatida 3 ta dorixona, zararsizlantirish bo‘limi, ishonch xonasi, ichki ishlar bo‘limiga qarashli ko‘nikma markazi va poliklinikaning laboratoriya bo‘limi joylashgan. Yotoqxonaning 4-qavati kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga uy qilib berilgan. Poliklinika bilan yotoqxonaning kirish eshigi bitta bo‘lib, poliklinikaga murojaat etadigan aholi bilan yotoqxonaga kirib chiquvchi aholi kirish zinasida tirbandlikka uchramoqda. 50 yil davomida biror marta ham ta’mirlanmagan bu bino na aholi yashash joyiga, na poliklinika talablariga javob beradi.

Ushbu poliklinikani ko‘chirish yoki mutlaqo yangi bino qurish zarur. Chunki bunday sharoitda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi.

O‘rganishlar davomida Buxoro shahar tug‘ruq majmuasida onalar o‘limining ortib borayotgani ma’lum bo‘lgan. Buning oldini olish uchun tezkor choralar ko‘rilishi zarur. Onalar o‘limi bitta bo‘lsa ham ko‘p. Onalar o‘limining oldini olish borasida ko‘p ishlar qilinayotgan bir paytda bu raqamlarni sanash biz uchun juda og‘ir. Go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi 2021 yilda o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lib, 350 tani tashkil qilgan. Joriy yil birinchi choragida 67 tani tashkil qilgan.

G‘ijduvon tumani tibbiyot birlashmasida olib borilgan o‘rganishlar davomida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishdarajasi juda qoniqarsizligi aniqlangan. Tibbiy xizmat pullik hamda bepul turlari belgilanib muassasaning ko‘rinadigan joylariga osib qo‘yilmagan. Tuman markaziy poliklinkasida ishlayotgan tor mutaxassislarning ish vaqti yozib qo‘yilmagan. Ayrim xodimlar ish vaqti o‘z o‘rnida yo‘q. O‘rta tibbiy xodimlar ish grafigida 8-00 dan 20-00 gacha ish vaqti belgilanmagan va tashkil etilmagan.

Kogon shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasi hisobida bitta Damas avtomashinasi bor. 62 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan tez tibbiy yordam mashinasi juda ta’mirtalab ahvolda. Albatta ishchi guruhning o‘rganish ma’lumotnomasida keltirilgan ko‘plab kamchiliklarni sanab o‘tishimiz mumkin. Keltirilgan misollar birgina o‘rganish kuni davomida aniqlangan kamchiliklar xolos. Lekin bir kunlik kamchilik, kun, hafta, oy, yillarga o‘tib borib, to‘planib tizimni ayanchli ahvolga olib kelishi mumkinligini unutmasligimiz lozim.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, ishchi guruh a’zolari va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tegishli mas’ul rahbarlar ishtirokida mazkur masala tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hududlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilanib, uning bajarilishi nazoratga olindi.

Zarif Komilov,

O‘zA