Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlari, oliy o‘quv yurtlari, kutubxonalarda O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tavalludining 110 yilligi keng nishonlanmoqda.
Zulfiyaxonim ijodi va faoliyati, uning nomi bilan ta’sis etilgan Davlat mukofotining mamlakatimiz qizlari hayotidagi o‘rni va ahamiyati xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Bahor – o‘z nafosati, tarovati bilan dunyoga yangilanish, surur va shukuh bag‘ishlovchi fasl. Bu fasl onalarimiz, qizlarimiz, dilbar ayollarimizning bayrami bilan, ularni ulug‘lash bilan boshlanishida albatta ramziy ma’no bor. Chunki ayol zotining o‘zi bahor bilan uyg‘undir! Bahor fasli har yili buyuk shoiramiz Zulfiya Isroilovaning tavallud ayomini nishonlash bilan boshlanishi yildan-yilga an’anaga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli jamoat arbobi, Javoharla’l Neru nomidagi xalqaro mukofot sohibasi, xalqaro «Nilufar» mukofoti sovrindori Zulfiya Isroilovaning bosib o‘tgan hayot yo‘li, ijodi va ayniqsa, har bir o‘zbek qiziga, nafaqat o‘zbek qizi, balki, sharq qizlariga o‘rnak bo‘ladigan ma’naviy dunyosi, axloqiy qiyofasi xalqimiz tomonidan yuksak baholanib kelinmoqda.
Zulfiya iste’dodi umummamlakat adabiyotida alohida hodisadir. Tarixiy qismat sharq ayolining ovozini jahon minbariga olib chiqish sharafi va zahmatini Zulfiya zimmasiga qo‘ydi. Bu mas’uliyat uning ijod ufqini va hayot tarzini belgiladi, taniqli jamoat arbobi sifatidagi, tinchlik va xalqlar do‘stligining jarchisi sifatidagi o‘rnini ta’minladi.
Shoiraning hayot yo‘li va hayotning har ne zarbalarida ham vafo va sadoqat bilan o‘z e’tiqodiga, xalqiga sodiq qolgani shoirani ma’naviy jasorat sohibasi sifatida ulug‘ladi. Hassos shoir — Hamid Olimjon bilan kechirgan qisqa turmushi, undan judo bo‘lib qolishi, umuman, shoiraning hayot yo‘li sadoqat va vafo timsoli bo‘lib qoldi.

Ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko‘rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo‘lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e’tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san’at, fan, ta’lim va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodi yuksalishi yo‘lidagi ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi.
Hozirga qadar yurtimizning yuzlab iste’dodli, izlanuvchan va tashabbuskor, faol qizlari har yili bahorning ilk kunlarida ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlanadilar. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bugun mamlakatimiz qizlarining o‘lchoviga, ezgu g‘oyalarini amalga oshirish vositasiga aylandi.
Ushbu mukofot mamlakatimiz qizlarining hayotida ulkan ijtimoiy hodisa bo‘ldi. Dunyoning hech bir mamlakatida bu kabi iqtidorli qizlarga davlat g‘amxo‘rligining timsoli bo‘lgan mukofot qayd etilmagan.
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti 2000 yildan buyon iqtidorli qizlarga ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlari uchun berib kelinmoqda. Shu paytgacha 452 nafar xotin-qizlar ushbu mukofotni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumki, bu yil Zulfiyaxonimning 110 yillik tavalludi xalqimiz tomonidan eng chekka qishloqlarda ham nishonlanmoqda va bu shukuh davom etmoqda.
Zulfiya ijodi millionlab kishilarga muhabbat va sadoqatdan saboq bermoqda, sadoqat va vafo ramzi bo‘lib yashamoqda. Kamalak yetti rangda yetmish xil jilolanib, barchani maftun qilganidek, Zulfiya tongning o‘ziday rost va yorqin xaqiqatga yo‘g‘rilgan poyeziyasi bilan sadoqat va vafo tuyg‘usini insoniylik, komillikning bosh mezoni darajasiga ko‘targan.
Xalqning dardi bilan yonib kuygan insonlar odamlar qalbiga o‘z haykallarini, siymolarini o‘rnatib ketadilar. Bu haykalni unutib ham, qalblardan olib tashlab ham bo‘lmaydi. Ularni har eslaganda yuragimiz tubidagi eng shirin xotiralar qayta jonlanadi. Zulfiyaxonim ham odamlar qabiga o‘z siymosini, haykalini o‘rnatib ketgan ulug‘ shoira, ma’rifatparvar, sadoqat bobida benazir o‘zbek ayoli edi. U bahor singari har qachon qalbimizga yorug‘lik va ziyo taratib kirib kelaveradi.
Albatta, oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga, turli soha va tarmoqlarda fidokorona xizmat qilayotgan opa-singillarimizning mehnatini munosib qadrlash doimo davlatimiz e’tiborida.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi yillarda xotin-qizlarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda oliy ma’lumotli qizlar safini kengaytirish maqsadida bir qancha imkoniyatlar, imtiyozlar va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalari talabalarining 52 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan talabalar o‘rtasida qizlarning ulushi salkam 62 foizni yoki 25 ming nafarni tashkil etmoqda.
Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi. Zero, qizlarimizni o‘qitish, ularni biron bir kasb egasi bo‘lishi, jamiyatdagi bir qancha muammolarga qarshi kurash uchun to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Oilaviy ajrimlarning oldi olinishi, erta turmush, erta tug‘uruq, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar va hokazolar uchun ilm eng odilona yechim bo‘la olishi mumkin.
Bitta qizni o‘qitish orqali Vatan ravnaqi uchun munosib farzandlar tarbiyalay oluvchi onalar safini kengaytirishga shak-shubhasiz munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz!
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.