French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti - bu katta ishonch va mas’uliyat!
09:29 / 2024-03-08

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sohibalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va boshqalar xalqimizning ardoqli shoirasi nomidagi mukofot mamlakatimiz qizlari uchun yuksak ishonch va mas’uliyat ekanini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, ushbu mukofot qizlarimizni maqsad sari qat’iyat bilan olg‘a intilishda, Zulfiyaxonimdek oqila, o‘z yurtiga, xalqiga, ijodiga sodiq bo‘lgan buyuk ijodkorga munosib izdosh bo‘lishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 4-mart kuni e’lon qilingan "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan bu yil san’at, adabiyot, ilm-fan, ta’lim, sport kabi yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishgan, o‘z hayot yo‘li, pozitsiyasini aniq belgilab olgan bir guruh qizlar ardoqli shoiramiz nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.

- Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining Prezidentimiz tomonidan topshirilishi menga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi, - dedi O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Andijon viloyati bo‘limi artist-maqomchisi O‘g‘ilxon Suleymanova. - Mening bunday muvaffaqiyatlarga erishishimda qaynonam-oyijonimning hissalari katta. Sababi oilaliman. Farzandlarim bor. San’atkor kelinni tushunish hammaga ham emas!

Tantanali tadbirda turli vazirlik va idoralar vakillari Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rilgan qizlarni qutladilar.

- Bu yil san’at va madaniyat yo‘nalishidagi olti nafar qizimiz Zulfiyaxonim izdoshlari safiga qo‘shildi, - dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. - O‘tgan yillarda madaniyat sohasida ushbu mukofotga munosib ko‘rilgan qizlarimiz ikki nafardan oshmas edi. Bu ham milliy san’atimizga berilayotgan e’tibor namunasidir.

Tanatanali tadbirda Zulfiyaxonim nomidagi Davlat mukofotiga munosib topilgan qizlarga sovg‘alar topshirildi. 

Badiiy-musiqiy dastur kechasi o‘zgacha ruh bag‘ishladi. 

Nazokat Usmonova, O‘zA