Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya mukofoti sohibasining bugungi izlanishlari
12:23 / 2026-02-24

-

“Zulfiyaxonim izdoshlari”

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali “Xalq ijodiyoti” kafedrasi mudiri, professor Gulbahor Aximbetova qoraqalpoq milliy baxshichiligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

2005-yil mazkur davlat mukofoti bilan taqdirlangan san’atkor milliy merosni o‘rganish va uni yosh avlodga yetkazishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilagan. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini xalqaro jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Keyinchalik Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti magistraturasini muvaffaqiyatli yakunlab, 2012-yildan buyon san’at va madaniyat sohasida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda.

Professor G.Aximbetova talabalarga qoraqalpoq milliy baxshichiligi, an’anaviy qo‘shiqchilik va dostonchilik san’atini “Ustoz-shogird” an’anasi asosida o‘rgatmoqda. Uning shogirdlari respublika va xalqaro tanlov hamda festivallarda munosib ishtirok etmoqda.

Faoliyati davomida u yirik madaniy tadbirlarda ishtirok etgan. Samarali mehnati uchun 2015-yil “Do‘stlik” ordeni, “Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi” unvoni, 2017-yil “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2021-yil dotsent, 2023-yil professor ilmiy unvoni berilgan.

Shuningdek, u Fransiya, Ispaniya, Portugaliya va Malayziyada o‘tkazilgan xalqaro festivallarda qatnashgan. 2021-yil Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahrida o‘tkazilgan VI Butunjahon folkloriadasi festivalida ishtirok etib, diplom bilan taqdirlangan.

Uning musiqa ilmi va san’atshunoslikka oid ilmiy maqolalari respublika ilmiy nashrlarida chop etilgan. “Qoraqalpoq xalq urf-odat qo‘shiqlari” nomli o‘quv qo‘llanmasi muallifi hisoblanadi. Ayni vaqtda G.Aximbetova doston ijrochiligi bo‘yicha darslik ustida ish olib bormoqda.

“Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasi ana shunday fidoyi, iste’dodli va mas’uliyatli ayollarning bugungi faoliyatini yoritish orqali yosh avlod uchun kuchli motivatsiya va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilish maqsadiga qaratilgan.  

Maqsad HABIBULLAEV olgan (surat), O‘zA