Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya mukofoti sohibasi — yoshlar ustozi
11:44 / 2026-02-16

Zulfiyaxonim izdoshlari

2015-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan, yurtimizning eng faol xotin-qizlari safidan o‘rin olgan samarqandlik Ruxshona Irgasheva bugungi kunda badiiy gimnastika bo‘yicha Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda.

Besh yoshidan sportning badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanishni boshlagan Ruxshona faoliyati davomida mamlakat va xalqaro miqyosdagi qator musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz milliy terma jamoasi a’zoligiga qabul qilingan. Terma jamoa safida xalqaro gran-pri musobaqalarida ishonchli ishtirok etgani sababli 17 yoshidayoq Zulfiyaxonim qizlari safidan joy olgan.

[gallery-27675]

— Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish qanchalik sharafli bo‘lsa, uning mas’uliyati ham shunchalik zalvorli ekan, - deydi Ruxshona Irgasheva. — O‘sha vaqtlarda faqat mashg‘ulotlarni o‘z vaqtida bajarish va ko‘zlangan marralarni zabt etishni o‘ylardim. Mukofotni qo‘lga kiritgach esa, unga munosib bo‘lish mas’uliyatini yanada chuqurroq his qildim. Shu bois sport bilan bir qatorda ta’lim olishga ham jiddiy e’tibor qaratdim. Berilgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, O‘zbekiston jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetida tahsil oldim. Biroq sportga bo‘lgan mehrim ustun kelib, o‘n yildan buyon badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiylik qilib kelmoqdaman.

Ikki nafar farzand tarbiyasi va ro‘zg‘or tashvishlari bilan birga murabbiylik faoliyatini samarali olib borayotgan Ruxshona Irgashevadan sport sirlarini o‘rganayotgan yosh qizlar ham sekin-asta katta yutuqlarga erishmoqda. O‘tgan yili yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida uning shogirdlari ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ayni paytda ular “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA