English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiya mukofoti: e’tirofdan mas’uliyat sari
15:41 / 2026-02-11

Zulfiyaxonim izdoshlari

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti — iqtidorli, bilimli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuksak e’tirofdir. Mazkur mukofot nafaqat yoshlar erishgan yutuqlarni e’tirof etadi, balki ularning kelgusi hayot yo‘lida mas’uliyat va ishonch ramzi sifatida ham xizmat qiladi. Yillar o‘tib, ushbu mukofot sohibalarining qaysi sohada faoliyat yuritayotgani, ular jamiyat taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shayotgani jamoatchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Ana shunday fidoyi va ijodkor ayollardan biri — Ma’mura Yusupovadir. U 2009 yil “Adabiyot” yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi.  

M. Yusupova 1991 yil 14 fevralda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tavallud topgan. Oliy ma’lumotli mutaxassis 2013 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini bakalavr bosqichida, 2015 yilda esa mazkur oliy ta’lim muassasasining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan.

[gallery-27592]

Mukofot olingan davrda u ijodiy faolligi, adabiyotga bo‘lgan mehri hamda jamoat ishlaridagi tashabbuskorligi bilan ajralib turgan edi. Uning “Qadrgulim”, “Beshinchi fasl” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan bo‘lib, ijodiy ishlari, Zulfiya hayoti va ijodiga bag‘ishlangan she’r va maqolalari viloyat hamda respublika nashrlarida muntazam e’lon qilib kelinmoqda.

2015-2017 yillar mobaynida Ma’mura Yusupova Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari — xotin-qizlar qo‘mitasi raisi kotibiyatida bosh mutaxassis, shuningdek, Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari lavozimlarida faoliyat yuritdi. Bu tajriba unga jamiyat hayoti, axborot siyosati va ijtimoiy faollik yo‘nalishlarida mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalar berdi.

Qahramonimiz fikricha, Zulfiya mukofoti — erishilgan cho‘qqi emas, balki kelgusi faoliyat uchun katta mas’uliyat yuklaydigan ishonch belgisidir. Shu ma’noda u ta’lim va tarbiya sohasida faoliyat olib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ayni paytda Ma’mura Yusupova Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida samarali mehnat qilib kelmoqda. U nafaqat yoshlarga bilim berish, balki o‘quvchilar, ayniqsa, qizlarning o‘z salohiyatiga ishonishini mustahkamlash, ularni ijodiy izlanishga ruhlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

— Zulfiya mukofoti sohibasi bo‘lish jamiyat oldidagi mas’uliyatni yanada oshiradi, - deydi u. — Bu ishonchni oqlash uchun doim izlanishda bo‘lish, yosh avlodga namuna ko‘rsata olish zarur. Oz bo‘lsada jamiyat tarraqqiyayoti yo‘lida xizmat qilayotganimdan baxtiyorman. Kelgusida barkamol yoshlarni tarbiyalab Yurtimizga munosib xissa qo‘shadigan avlodni shakllantirishga xizmat qilaman.    

Bugun Zulfiya mukofoti sohibalari turli sohalarda — ta’lim, ilm-fan, ijtimoiy hayotda faoliyat olib bormoqda. Ularni birlashtirib turuvchi jihat esa faol fuqarolik pozitsiyasi va jamiyat ravnaqiga xizmat qilish istagidir.

Zulfiya mukofoti bergan yo‘l har kimni turli manzilga yetakladi. Ammo bu yo‘lning asosiy maqsadi bitta — mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan barkamol avlodni shakllantirishdir.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA