1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Atoqli shoira, milliy adabiyotimiz, ma’naviyatimiz, kitobxonlikning eng faol targ‘ibotchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova doimo xalqimiz, oddiy odamlar, ayniqsa yoshlar orasida.
Shu sababli Zulfiya opa odamlarning kayfiyati, ruhiyatini, o‘y-tashvishlari, fikri, orzu-armonlarini yaxshi biladi. 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabiylar kuni arafasida xalqimizning ardoqli shoirasiga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
– Zulfiya opa, har bir insonning, ayniqsa, ijodkorlarning hayotida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Sizning ijodiy kamolotingizda ustozlarning o‘rni qanday bo‘lgan?
– Men baxtli shogirdlik taqdiriga ega odamman. Boshlang‘ich sinfga o‘qishga borganimda menga Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 9 - umumta’lim maktabining eng tajribali, bilimli va obro‘li o‘qituvchisi Abdulla Shernazarovning o‘quvchisi bo‘lish nasib etdi. U kishi mening qo‘llarimdan tutib yozishni o‘rgatdi. Yonimda sabr bilan turib o‘qishni o‘rgatdi. Biz uni muallim der edik.
Muallim bizga olamu odamizodga hurmat bilan qarashni o‘rgatdi. Meni birinchi bo‘lib mana shu muallim shoir deb tan oldi. Yuragimga qanot baxsh etdi. Maktab partasida yozgan, o‘xshagan va o‘xshamagan she’rlarimni tuman gazetasiga yuborgan ham shu muallimimdir.
O‘quvchilik davrimda uning ishonchiga sazovor bo‘lishga tirishdim. Yuqori sinfga o‘tganimda ham O‘zbekiston Milliy universiteti (ilgarigi ToshDU) talabasi bo‘lganimda ham doim uning ishonchiga loyiq bo‘lishga harakat qildim. Qayerda bo‘lmay, uning oldida hisobot berdim. Men o‘qishni bitirib, “Saodat” jurnalida ish boshlaganimda muallimim vafot etdi. Men uchun osmon ag‘darilgan edi. Go‘yo meni suyab turgan ulkan qoyani yo‘qotdim.
Taqdir meni yana ulug‘ ustozlar bilan siyladi. O‘zbekiston xalq shoirlari: Zulfiya Isroilova, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyevalardan adabiyot va hayot saboqlarini oldim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari E’tibor Oxunova, Tursunoy Sodiqovalardan el bilan tillashishni o‘rgandim. Ulug‘ ustozlar, O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjonlarning she’rlaridan ilhomlandim. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim meni “tus shogirdim” deganidan baxtliman. Bu go‘yoki “tuz shogirdim” degandek g‘urur bag‘ishlaydi menga.
Adabiyotda dehqondek, qorong‘uda peshonasiga kichik yoritgichni taqib, nafasi tiqilib, ko‘zi nursizlanib, har lahzada tuproq ostida qolishi mumkinligini bilsa-da, jonini tikib ishlayotgan shaxtyordek xizmat qilishni, oq qog‘ozga sodiqlikni ustozlardan o‘rgandim va o‘rganmoqdaman.
– “Vatan” va “adabiyot” tushunchalarini bir-biriga qanday bog‘lagan bo‘lar edingiz?
– Men uchun eng muqaddas so‘z “Ona Vatan” so‘zidir. Shoir bo‘lganim uchun “Ona Vatan” degan so‘zlarning yonida “Adabiyot” degan so‘zni ko‘raman. Shu bois, so‘z san’ati bizda “Vatan adabiyoti”, deb ataladi.
– Ijodkorga nima ilhom, kuch-quvvat beradi, sizningcha? Yozganlaringizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
– O‘zbekistonimning har bir kuni ilhombaxsh. Olimlar, ziyolilar, jahonga mashhurlar bilan suhbatlashsam, bir boshqacha ilhomlanaman. Ular bilan suhbat go‘yo muhtasham qasrlar bilan suhbatlashgandek mas’uliyatli va shu bilan ilhomli. Ular bilan suhbatga alohida tayyorlanaman. Ammo, oddiy odamlar, qishloq ayollari bilan, masalan cho‘pon, sartarosh, pillakor, usta, fermer, novvoy, naqqoshlar bilan suhbatlashsam, yengillashaman, tayyorgarliksiz yozaman. Men qishloq o‘qituvchilari, nuroniylari, qishloq maktabi o‘quvchilari, kosiblar, traktorchilar bilan soatlab suhbatlashsam quvvatlanaman. Yozolmay qolsam, qishloqqa boraman. Bu ruhiy bog‘liqlikni tushuntirib berolmayman.
– Zulfiya opa, yosh ijodkorlar bilan doimiy muloqotdasiz. Jumladan, yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminarida yoshlar ijodini muntazam tahlil etib borasiz. Ularning ijodi xususida fikringiz qanday?
– Adabiyotga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarning, ayniqsa Zomin seminarining saralash bosqichida va Zomin seminarida qatnashgan ijodkor yoshlar bilan yaqindan tanishganimda ularning intilishlari, izlanishlari meni mamnun qiladi. Ularda imkoniyatlar juda katta. Seminar kunlarida ham, boshqa paytlar ham ular uchun doim ochiqmiz. Biz juda tortinchoq edik. Hozirgi yoshlar unday emas, katta ijodkorlar bilan ham o‘rtog‘idek gaplashadi. Ularga hayiqmay savollar berishadi. Buni yaxshi tomonlari ko‘p, albatta. Marhamat, yoshlarning oldidan adabiyotdek ulkan daryolar oqib o‘tayapti. Ulardan o‘rganish kerak. Men ustozlarimdan olgan saboqlarimni hech bir kitob yoki kinodan ololmadim. Yoshlarga maslahatim: ustozlardan o‘rganing! Ularni borligida qadrlang!
Ustoz ham Vatan kabidir. U ham Yaratgan egam tomonidan bizga uzatilgan daryo. Bu daryodan qancha suv ichish o‘zimizga bog‘liq. Chunki bu daryo suvini hech kimdan qizg‘onmaydi. Men uchun ulug‘ ustozlarim hamisha barhayot. Ular meni osmonlarda kuzatib turadi. Men ularning oldida hamisha hisob beraman.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur, Zulfiya opa!
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.