English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zulfiqor Musoqov: “Biz oddiy odamlar, zamondoshlarimiz haqidagi filmni suratga oldik”
11:45 / 2025-04-14

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, ustoz rejissyor Zulfiqor Musoqovning filmlari kino muxlislar tomonidan katta e’tibor va qiziqish bilan tomosha qilinadi. Ushbu filmlar milliy kino san’atimizga faqat va faqat obro‘ olib kelishi bilan diqqatga sazovordir.

Kuni kecha poytaxtimizda katta muvaffaqiyat bilan bo‘lib o‘tgan “Umida” (“Fudziyama haqida tush”) badiiy filmining namoyishi yurtimiz tomoshabinlarida katta taassurot qoldirdi. Mazkur kartinaning yaratilish jarayoni haqida mohir rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suhbatlashdik.

– Zulfiqor aka, yaqindagina “Umida“ (“Fudziyama haqida tush“) badiiy filmi tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Sir emaski, aksariyat hamyurtlarimiz o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qolgani, kimdir birovga yordam qo‘lini uzatishi aqlga sig‘masdek holat doimiy uchraydigan bugungi kunda “Umida“ kabi filmni yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

– Ssenariy g‘oyasi tasodifan tug‘ildi, desak ham bo‘ladi. Bir kuni taniqli aktrisa Feruza Saidova bilan avtobus bekatiga ketayotgan edik. Feruza menga psixologiya bilan qiziqib qolganini aytuvdi. Lop etib men unga “Iya? Bu juda qiziqarli mavzu-ku!” degan edim. Vaqt o‘tib, shogirdlarim Temur Rahimov va Ikrom Mullajonov bilan kafeda qahva ichib o‘tirib, shu g‘oya asosida syujetni rivojlantirdik. Keyin men ssenariy yozdim...

– Filmning bosh qahramoni Umida doimiy Fudziyama cho‘qqisini zabt etishni istaydi. Bu tasodifmi? Nima uchun aynan Yaponiyadek olis yurtdagi Fudziyama yuksakligi tanlangan?

– Yaponiyada juda ko‘p marta bo‘lganman. U yerda bilasizki, “Oyijon“ filmida ilk bor yapon aktyorlari o‘zbek filmda ishtirok etishgan. O‘sha mamlakatga navbatdagi borgan kunlarimda men yapon xalqida keng tarqalgan fikrni eshitdim: “Fudzi tog‘iga chiqmagan odam ahmoq, lekin uni ikki marta zabt etgan odam ikki karra ahmoq yoki nodon“.

Bizning filmdagi bosh qahramonimiz Umida shu aniq tushni ko‘raveradi. Gap shundaki, Fudzi tog‘iga ketaverishdagi yarim yo‘lda o‘z hayotiga qasd qilgan odamlarning o‘rmoni bor. O‘sha o‘rmonni ko‘rgan odam cho‘qqiga chiqsa, marhumlar dunyosini ko‘radi. Shundan keyin hayot bilan o‘limni farqini teranroq anglaydi. Hayotning, umrning qadriga yeta boshlaydi...

– Filmda odamlar orasidagi mehrsizlik, shafqatsizlik, korrupsiya, kasalxonada betob onaning dunyodan o‘tishidek epizodlar tomoshabinni chuqur iztirobga soladi. Lekin shu bilan birga psixolog yoniga qo‘lida yosh bola bilan kelgan ayol go‘dagining beg‘ubor kulgusidek juda qisqa va juda yorqin epizod yaqqol namoyon bo‘ladi. Fikrimcha, kartinaning asosiy mag‘zini shu jajji go‘dakning beg‘ubor kulgusi ochib berganki, uning zamirida to‘g‘rilik, halollik baribir g‘olib bo‘ladi, degan g‘oya bor. Shunday emasmi?

– Bilmadim... Biz oddiy odamlar, bizning zamondoshlarimiz haqida filmni suratga oldik. U qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshdi, buni vaqt ko‘rsatadi. Bilasizmi, shaxsan men ijodkor sifatida har doim bitta niyat bilan film yarataman, u ham bo‘lsa men tushunarli bo‘lishdan ham ko‘ra, balki tushunilgan bo‘lishni ko‘proq xohlardim... Ya’ni bu yerda men har bir kadrni tomoshabinning chaynab, og‘ziga solish bilan aqli bor odam filmni o‘zi tushunishi orasidagi farqni nazarda tutayapman.

– Sizning kinoasarlaringiz qahramonlari asosan bir guruh muayyan aktyorlar jamoasidan iboratdir. Buni Siz aynan shu ijrochilar guruhiga ishonganingiz uchun va kartina muvaffaqiyati yo‘lidagi ijodiy jarayonga yondashuvingizning bir ko‘rinishi, deyish mumkinmi?

– Bu fikrlar haqiqatdan ancha uzoq fikrlar, desam ham bo‘ladi. Gap shundaki, aynan mening filmlarimda 25 nafardan ortiq yangi aktyorlarning chehralarini ochgan edik...

– Bugun kinoga kirib kelayotgan yoshlarga nimalar degan bo‘lardingiz? Umuman milliy kino san’ati rivojini nimalarda ko‘rasiz?

– Yoshlarga avvalambor, tinchlik va ko‘proq bilimlar dunyosiga kirishni maslahat berardim. Bu afsuski, hozirgi paytda juda katta muammoga aylangan... Milliy kinoga kelsak, albatta, bu mavzuda o‘zimning shaxsiy fikrlarim bor. Lekin men bir boshliq emasmanki, umumiy kinomiz haqida fikrlarimni e’lon qilsam... Muammolar bor, ularni yaqin orada kino rahbariyatiga har doimgidek aytaman... Sizlarga tinchlik va sog‘lik tilab qolaman.

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.