Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro tibbiyot institutida “Sog‘lom ona va bola tamoyilini amalga oshirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari va tibbiyot xodimlari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi hamda tegishli idoralar rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Bosh vazir o‘rinbosari so‘nggi yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga katta e’tibor qaratilganligi, sog‘lom avlodni dunyoga keltirish, nogironlikning oldini olish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Bugun bu imkoniyatlar va yaratilayotgan sharoitlar qay darajada tasarruf qilinyapti, degan haqli savolni o‘rtaga tashladi.

Ta’kidlanishicha, tug‘uruqlar orasida intervallarning kamida uch yillik bo‘lishi bo‘lajak ona va tug‘ilajak farzandlarning salomatligi garovi ekanligi hayotda o‘z isbotini topgan. Bugun ushbu haqiqatni odamlarga tushuntirish, ularga yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda. Mana shuning uchun ham respublika bo‘yicha mavjud 405 ming tug‘uruqdan 115 mingtasini istalmagan homiladorlik tashkil etayotir. Skrining tekshiruvlarida tug‘ilajak farzandi nogiron ekanligini bilgan ota-onaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Bu ishlarda samara bo‘lishi uchun ishni eng avvalo, oilani ixtiyoriy rejalashtirish ko‘nikmalarini shakllantirish darkor. Yoshlarga oila qurmasdan turib o‘z sog‘ligi uchun qayg‘urishni, oiladagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarga o‘zini oldindan tayyorlashni o‘rgatish zarur. Bunda yoshlarning ta’limi, salomatligi, bandligi, gender tenglik masalalariga alohida e’tibor qaratish shart.

Reproduktiv salomatlik masalalariga panja ortidan qarab bo‘lmaydi. Bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini har qachongidan ham kuchaytirishni davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bu bo‘yicha bilim va ko‘nikma hamda tushunchalar haqida nafaqat tug‘uruq yoshidagi ayollar, balki ularga aloqador insonlar – turmush o‘rtoq, qaynona va qaynota, qaynsingil, qaynaka ham muayyan tasavvurga ega bo‘lmog‘i lozim. Jamiyatning ayni paytdagi ehtiyoji va talabi ham shu. Mavjud resurslar hamda imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti.

Erta nikoh va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirli choralar ustida ishlaydigan davr keldi. Bugun ommaviy axborot vositalarida bir-ikki maqola chiqarish yoki shifokor o‘z xonasida o‘tirib bu noto‘g‘ri, degani bilan muammo yechilib qolmaydi. O‘zini o‘zi boshqarish organi hisoblangan mahallalar yig‘inlari yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha nima ish qilyapti? Aksariyat maslahat berish va nasihat qilishdan nariga o‘tmayapti. Xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla yig‘inlari hamda tegishli organlar bu borada hamkorlik qilishi va ta’sirchan choralar ustida ishlashi kerak.
Intervallar oralig‘iga diqqat qilmagan onalar majruh bo‘lsa, qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan go‘daklar nogiron bo‘lib qolsa, bu nafaqat o‘sha oilaga, balki davlatga, jamiyatga ham og‘ir. Bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘radigan payt keldi. Seminarlarda, turli anjumanlarda tribunalardan turib aytilayotgan masalalar, aslida, har bir xonadonga yetib borishi darkor. “Sog‘lom ona va bola tamoyilini amalga oshirish” mavzusini elektron darslik qilib, bu borada mahallalar xabardorligini oshirish kerak. Bu darsliklarni har bir xonadonga, kerak bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish yo‘llarini izlash lozim. Biz tug‘ilish ko‘rsatkichlariga emas, sifat ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishimiz kerak, – dedi bosh vazir o‘rinbosari so‘zini yakunida.
Shundan so‘ng, Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xushnud Jalilovning viloyatda reproduktiv salomatlik masalalari, onalik va bolalik muhofazasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar, muammolar va rejalar yuzasidan ma’ruzasi tinglandi.
Shu kabi seminarlar Kogon tumanidagi “Sarayon”, B.Naqshband, Buxoro shahridagi “Turkiy Jandiy”, Qorako‘l tumanidagi “Tinchlik” hamda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazildi. Faollar va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolar xonadonlariga borilib, ularga reabilitatsiya vositalari topshirildi.
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hududlardagi salomatlik va tadbirkorlik markazlari faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar qay darajada tashkil etilayotganligini o‘rgandi.
Tadbirning ikkinchi kuni Shofirkon hamda G‘ijduvon tumanlarida belgilangan bo‘lib, mazkur tashrif doirasida qator tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA