Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” kutubxonasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, yoshlar festivallari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida besh bosqichda sportning shashka, “Street Workout”, yengil atletika, stol tennisi, voleybol, stritbol, kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar, “Zakovat”, “Munozara” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Yosh kitobxon oila”, “Zukko kitobxon”, “Mushoira” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilmoqda.
Mahalla yoshlarining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirish orqali ularning bilim hamda tafakkurini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning respublika final bosqichida uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Mamlakatimiz miqyosida 16-30 yoshdagi mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning quyi bosqichida mahallalarda shakllantirilgan 36 ming 871 ta jamoa tarkibida 381 ming nafardan ziyod yoshlar qatnashib, o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar, savol-javoblar asosida o‘tgan respublika final bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, Namangan viloyatining “Ibrat izdoshlari” jamoasi tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahrining “Xo‘ja uchqun” jamoasiga, uchinchi o‘rin Buxoro viloyatining “Mahmud Tarobiy” jamoasiga nasib etdi.
“Zukko kitobxon” tanlovi respublika bosqichi g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
[gallery-7749]
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov(surat), O‘zA