Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Zukko kitobxon” tanlovining Navoiy viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yilning 19 yanvarida qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida “Zukko kitobxon” tanlovini o‘tkazish ham belgilangan.
[gallery-12159]
– Azal-azaldan xalqimiz kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan. Kitob javonlari esa uyining to‘ridan joy olgan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Bahromov. – Bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. O‘zaro suhbatlarda “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, qabilidagi gap-so‘zlarni eshitamiz. To‘g‘ri, qaysidir ma’noda bu haqiqat bo‘lishi mumkin. Lekin keyingi 2-3 yil ichida yoshlarimiz orasida kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq, qiziqish oshmoqda. Yoshlar kitob tuganmas xazina ekanligini ongli ravishda anglab yetmoqda. Buni bugun o‘tkazilayotgan tanlovda yoshlarning ishtirokidan ham bilsa bo‘ladi. Tanlovda viloyatning barcha tuman va shaharlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘zaro bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Qiziltepa tumani, 2-o‘rinni Navoiy shahar va 3-o‘rinni Konimex tumani jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan ishtirokchilarga pul mukofotlari topshirildi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA