Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zukko Bolajon!” fotojurnali taqdimoti o‘tkazildi
22:03 / 2021-12-21

Bolalar dunyoning eng katta mo‘jizasidir. Murg‘ak qalblarning ko‘zlaridagi quvonch, shodon kulgu butun olamni yoritadi. bugungi kunda har bir ota-ona, butun jamiyat birgalikda ularning baxt-u saodati, farovon kelajagi, ajdodlarga munosib avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun harakat qilmoqda.

Shunday samarali ishlarning davomi sifatida Toshkent muzeyida “Zukko Bolajon!” fotoalbomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan farzandlarimizning bilim olishi borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun ham “Ma’naviyat festivali” doirasida “Bolalarga ma’rifat ulashib”, “Ma’rifat tur”, “Baxtli bolalik” loyihalari amalga oshirildi. Loyiha doirasida 10 ming nafarga yaqin bolalar qamrab olindi.

– Ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi, ma’naviy kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Zero, bir bolaning ajdodlariga munosib avlod bo‘lib, tani sihatlikda komil inson bo‘lib voyaga yetishi nafaqat ota-onaning baxti, jamiyatning katta yutug‘idir, – dedi jamiyat raisi Baxtiyor Xusanov. 

– “Zukko Bolajon!” fotoalbomini tayyorlashda yosh nihollar – dilbandlarimiz tafakkurini muhofaza etish, shu bilan birga, ularda mavjud ma’naviy bo‘shliqni sharqona tarbiyaning nodir va nozik jihatlari bilan zamonaviy uslubda boyitishga e’tibor qaratildi. Aytish kerakki, bugun tezkor iqtisodiy taraqqiyot o‘z-o‘zidan jamiyatning ma’naviy yuksalishi bilan uzviy bog‘liq. Zotan, ma’naviyatning ikkinchi qanoti – yosh avlodni ma’naviy barkamolligi. Uning ichki olamini boyitish, ruhiy tomonlarini chiniqtirish, mehnatsevar va jasoratli etib tarbiyalash oldimizda turgan ustuvor vazifalardan sanaladi.

[gallery-5173]

Ushbu fotojurnalni tayyorlash uchun mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari: pedagog, bolalar psixologi, loyiha koordinatori, dizayner, fotograf, rejissyor bilan hamkorlikda ishchi guruh shakllantirildi. Farzandlarimizga milliy an’analarimizga xos ta’lim, tarbiya hamda unutilib borayotgan odob me’yorlarini yodga soladigan 51 holatni o‘zida aks etgan ssenariy tayyorlandi. Bolalar hamda aktyor va aktrisalar o‘rtasida kasting e’lon qilinib, natijalar aniq bo‘lgach, ob’ekt aniqlash, kastingda tanlab olingan bolalar, aktyor va aktrisalar ishtirokida fotosyujetlar, fotolavhalar rasmga olindi. Bu jarayonda “Tomosha” bolalar musiqiy guruhi a’zolari faol ishtirok etdi.

Suratga olish ishlari xonadonlarda, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasida hamda Markaziy ekoparkda bo‘lib o‘tdi. Loyiha davomida yuz nafarga yaqin ijodiy guruh ish olib bordi. Ishchi guruh tomonidan fotomahsulotlar saralab berilgach, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, pedagog, bolalar psixologi, Maktabgacha ma’lim vazirligi mutaxassislari ko‘magiga tayanilib, suratlarni sharhlaydigan qisqa va lo‘nda jumlalar ishlab chiqildi. Fotomahsulotlar albom ko‘rinishiga keltirildi va bunda bolalar (maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari) diqqatini jalb eta oladigan yorqin hamda quvonch bilan birga motivatsiya beradigan ko‘rinishdagi fotoalbom ishlandi.

Ishonamizki, “Zukko Bolajon!” fotoalbomi yoshlarning Vatanga sadoqat, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, mehnatsevarlik kabi tayanch kompetensiyalar bilan mustaqil hayotga kirib borishlarida ko‘mak beradi. Oila, ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar, ota-onalarda boy milliy tarbiyaviy merosimiz to‘g‘risida bilimlar shakllanadi, ularni o‘rganish, saqlash, targ‘ib qilish, o‘rgatish orqali milliy fazilatlarning avloddan-avlodga bezavol o‘tib borishi ta’minlanadi. Fotoalbomdan, nafaqat maktabgacha ta’lim muassasalarida, Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, turli bolalar tashkilotlari hamda oilada ham foydalanish, farzandlarimiz tarbiyasida qo‘llash mumkin.

Taqdimot davomida “Zukko Bolajon!” fotoalbomi ijodiy guruhiga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar hamda bolajonlar uchun sovg‘alar taqdim etildi.

Fayzullo Yahyoyev, Temur Madaminov (surat) O‘zA