Toshkent viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev tuman hokimligida sektor rahbarlari, mahalla raislari va tuman hokimining mahallalardagi yordamchisi lavozimiga nomzodlar bilan uchrashdi. Unda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan bir qator vazifalarning amaldagi ijrosi, yosh kadrlardan saralanayotgan hokim yordamchilari bilan ishlash borasida belgilangan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Toshkent viloyati hokimi mahalladagi yordamchilar kelgusida hokim yoki eng kamida hokim o‘rinbosari bo‘lishini alohida ta’kidladi. Xususan, nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan boshlab milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi. Uning mehnat faoliyati natijadorligiga ko‘ra, kelgusida tuman, shahar, Respublika darajasida rahbar lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etish, tayinlash faqat va faqat hokim yordamchisi lavozimida samarali mehnat qilayotgan kadrlardan tanlab olinadi.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyat hokimi har bir nomzod bilan birma-bir suhbatlashdi. Unda asosiy e’tibor mahalladagi har bir xonadonni «xonadonbay» o‘rganib, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilish orqali mahalla bo‘yicha kompleks ma’lumotlar bazasi (pasporti)ni yaratishga qaratildi. Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ichki imkoniyatlarni o‘rganib, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashi lozimligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, viloyat hokimi Zangiota tumanidagi mahallalarda Yoshlar ishlari agentligi vakili lavozimlariga tavsiya etilgan nomzodlar, ularning faoliyati va ular bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘rab o‘tdi. Bu haqda hududdagi mas’ullar hisoboti eshitildi. Mahallalarda yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni barqarorlashtirish, ular bilan ishlashni chuqurlashtirish, foydali mehnatga jalb qilish lozimligiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, Parkent tumanidagi 62 ta mahallada hokim yordamchisi lavozimidagilarning faoliyatiga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Albatta, bu vazifani bajarishda ularga amaliy ko‘nikmalarni berish foydadan holi bo‘lmaydi. Tuman hokimi Shohrux Shoahmedov o‘ziga biriktirilgan 1-sektor hududidagi 23 nafar hokim yordamchisi bilan uchrashdi.

Unda hokim yordamchilariga «xonadonbay» so‘rovlar o‘tkazishda nimalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi amaliy tarzda tushuntirib berildi. Shuningdek, har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olishni samarasi haqida ham so‘z bordi. Har bir mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit, subsidiyalar, moddiy yordam va nafaqalar ajratilishi bo‘yicha xulosalar berishda mas’uliyatli bo‘lishni bugungi kundagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Ayniqsa, «ijtimoiy shartnoma»larni imzolash hamda shartnoma shartlarining bajarilishini ta’minlashdagi faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yib olishni sodda usullarda gapirib berdi.
– Bunday amaliy mashg‘ulot zimmamizdagi vazifalarni uddalay olishimizda qo‘l keladi, – deydi «Istiqlol» mahallasidagi hokim yordamchisi Dilshod Shoyo‘ldashev. – Masalan mahallamizda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga subsidiyalarni maqsadli berish, xonadon egalari o‘z tomorqasidan samarali foydalanishida turli ekinlarni ekishda ko‘chat, o‘g‘it, issiqxona, suv masalalarini hal etishni tez va oson yo‘llarini bilib oldik. Shaxsan o‘zim faoliyat ko‘rsatadigan mahallada aholini parrandachilikka keng jalb qilishni niyat qilib qo‘yganman. Endi bu vazifani hech qiynalmay amalga oshira olaman.
Amaliy mashg‘ulot tarzidagi tadbir jarayonida hokim yordamchilariga o‘z hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga yaqindan ko‘maklashish, mahallaning barcha masalalarini hal qilish choralarini qay tarzda ko‘rish singari vazifalar ham lo‘nda va aniq tushuntirildi.
A.Musayev,O‘zA.