Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zoyir MIRZAYEV: Qator orasiga ekin ekilmagan bogʻ va tokzorlar aholiga 1 gektardan taqsimlab beriladi
20:28 / 2020-05-05

Jumladan, Paxtaobod mahalla fuqarolar yigʻinidagi sobiq endokrinologiya shifoxonasi binosi bir necha yildan buyon oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.


Qashqadaryo viloyati hokimi Kitob tumanida boʻlib, tumanda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli, suvli ekin maydonlari, bogʻ va tokzorlar, aholi tomorqalaridan qay darajada samarali foydalanilayotgani, investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Jumladan, Paxtaobod mahalla fuqarolar yigʻinidagi sobiq endokrinologiya shifoxonasi binosi bir necha yildan buyon oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Mazkur obyektni tadbirkorlik subyektiga berib biror turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkin boʻlsa-da, bu masalaga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti. Shu mahalla hududida joylashgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Qashqadaryo hududiy boshqarmasiga qarashli 14,4 gektarlik, shuningdek, Beshterak MFY hududida joylashgan “Oʻzbekiston pochtasi” OAJga qarashli 5,2 gektarlik, “Qashqadaryo telekom” viloyat filialiga qarashli 5,4 gektarlik bogʻlardagi daraxtlar kasallangan, qarigan. Meva bermaydi. Ustiga-ustak qator oralariga hech narsa ekilmagan. Aksariyat qismini yovvoyi oʻt bosib yetibdi. Qolgan qismiga esa chorva uchun deb, aslida esa mehnatdan qochib beda ekishgan. Vaholanki, bedaning oʻrniga sabzavot yoki poliz ekinlari ekib, 5-10 hissa koʻproq daromad olish, aholiga kerak boʻladigan mahsulotlarni yetishtirish mumkin edi. Boz ustiga bu yerlardan samarali foydalanish orqali kamida 100-150 kishi ishli boʻlardi.

photo_2020-05-05_20-28-20.jpg

Viloyat hokimi joylardagi haqiqiy ahvolni koʻzdan kechirgach, tuman hokimligida mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkorlar, tuman tashkilotlari rahbarlari, aholi vakillari bilan muloqotda boʻldi.

Muloqot chogʻida viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Aholi vakillarining murojaatlari tinglandi. Mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar samarasiz bogʻlar dehqonchilik ilmidan boxabar, mehnat qilib, daromad topaman, deydigan kishilarga 1 gektardan boʻlib beriladigan boʻldi. Chunki biror kishiga, korxona yoki tashkilotga bogʻ yaratish uchun yer berish bu yerdan umuman foydalanmasdan, uni oʻz holiga tashlab qoʻyish mumkin degani emas. Yer davlatning, demakki, xalqning mulki. Uni isrof qilish – yerga, xalqqa xiyonatdir.

photo_2020-05-05_20-28-17.jpg

Muloqotda hayotga tatbiq etilishi kechikayotgan bir nechta istiqbolli loyihalar, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer maydonlarini xususiylashtirish va ularda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq muammolar muhokama etildi. Jarayonda ayrim tashkilot va tijorat banklari mutasaddilari tomonidan loyihalarni hujjatlashtirish va moliyalashtirish paysalga solinayotgani aniqlanib, ularga nisbatan vazifasidan ozod etishgacha intizomiy jazo choralari koʻriladigan boʻldi.

Yigʻilishda mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, bogʻ va tokzorlar oralaridan samarali foydalanish, yangi loyihalarni tezroq ishga tushirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.