Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zoyir Mirzayev: “O‘z tashvishidan el tashvishini ustun qo‘yadigan dehqonu fermerlar mehnati doim e’tirofga munosib”
19:21 / 2020-12-13

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni Qashqadaryo viloyatida ham ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan viloyat markazi Qarshi shahri va barcha tumanlarda qishloq xo‘jaligining fidoyi xodimlari ishtirokida bayram tadbirlari tashkil etildi.

- Ayni shu kunlarda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ham dehqonlar tili bilan aytganda “g‘alvir suvdan ko‘tarilib” sarhisob qilinmoqda. Erishilgan yutuqlar omili haqida fikrlashib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar o‘rganilib, kelgusi rejalar tuzilmoqda. 

Yakuniga yetayotgan joriy yilda qiyinchiliklarga qaramasdan, viloyat bo‘yicha 808,6 ming tonna g‘alla, 383,4 ming tonna paxta, 714,8 ming tonna sabzavot, 187,9 ming tonna kartoshka, 315,7 ming tonna poliz mahsulotlari, 149,5 ming tonnaga yaqin meva, 2013 tonna pilla, 132,4 ming tonna go‘sht, 523,8 ming tonna sut va 270,9 million dona tuxum tayyorlashga erishildi. Jami bo‘lib 19 trillion 904 million so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. O‘z tashvishidan el tashvishini ustun qo‘yadigan dehqonu fermerlar mehnati doim e’tirofga munosib, - deya ta’kidladi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida. 

Ta’kidlandiki, joriy yilda G‘uzor tumanida ilk bor soya yetishtirildi. Chiroqchi va Koson tumanida yetishtirilgan 12,4 ming tonna tarvuz, qovun mahsulotlari chetga eksport qilindi.

Viloyat tumanlaridagi tog‘li chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar uchun “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 849 gektar yer maydonlari ajratilib berildi. Mavsum avvalida oziq-ovqat mahsulotlarini ekkan yoshlar dastlabki hosilni olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular dehqonchilik, chorvachilik ortidan daromadga ega bo‘lish haqida sohaning tajribali xodimlaridan o‘rganmoqda. 

[gallery-424]

Yer-suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligiga bozor munosabatlarini keng joriy etish, fan-texnikaning ilg‘or yutuqlarini jadal qo‘llash natijasida – avvalo soha xodimlarining daromadi oshmoqda. Ekologik toza va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ehtiyojini qondirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani bois, keyingi ikki yil ichida hosildorligi past bo‘lgan 1,8 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari o‘rniga meva-sabzavot va ozuqa ekinlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 1,4 ming gektar yerda intensiv bog‘lar, 118 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar barpo qilindi. 46,3 ming gektarda sabzavot va kartoshka, 63,3 ming gektarda dukkakli va moyli ekinlar, 74,1 ming gektarda ozuqa ekinlari yetishtirish orqali o‘tgan yildagiga nisbatan 106 foiz ko‘p foyda olindi.

Yildan–yil o‘zining samaradorligini namoyon etayotgan klaster usulining nafaqat paxtachilikda, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik va pillachilikda qo‘llanilishi soha rivojini ta’minlash hamda fan-texnika yutuqlarini keng qo‘llashning omili bo‘lmoqda. Joriy mavsumda 384 ming tonna g‘alla dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirilgani avvalo ayni shu yo‘nalishdagi natijadorlikni namoyon etadi, qolaversa yer egasining manfaati himoya qilinayotganini ko‘rsatadi. 

Tantanali bayram tadbirlarida bir guruh soha fidoyilari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. El suygan san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. 

O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA