Toshkent viloyati Olmaliq shahri So‘fi Olloyor mahalla fuqarolar yig‘ini “Totuvlik” ko‘chasidagi 9-“B” ko‘p xonadonli uyda nogironligi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand aholi vakillari yashaydi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev sektor rahbarlari, shahar mutasaddilari hamrohligida bu yerda yashovchi fuqarolar bilan uchrashdi, mavjud muammolarni o‘rgandi.
Ijtimoiy uy maqomidagi mazkur manzilda 53 ta kvartira bo‘lib, ular asosan nogironligi bo‘lgan va ehtiyojmand oilalarga ajratilgan. Bu yerda Olmaliq shahridan tashqari, viloyatning turli shahar va tumanlarida ro‘yxatda turuvchi oilalar umrguzaronlik qiladi.
Viloyat hokimi xonadonlarga kirib, oilalarning yashash tarzi, muammolari bilan qiziqdi. Oila bekalari, bu yerda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar bilan muloqot qilib, ularning ta’lim olishi, qiziqishlari haqida so‘radi. Suhbat davomida aholi vakillari maishiy turmush va ro‘zg‘or muammolari, yashash sharoitlari bilan bog‘liq muammolarini bayon qildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar asosan uy-joy ta’minoti, kommunal soha, tibbiy xizmatdan foydalanish, bandlik bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, mehnat qilib, ro‘zg‘orini tebratayotgan, orzu umidlarining ro‘yobi bo‘lgan farzandlarini oq yuvib, oq tarayotgan ayrim xonadon sohiblari viloyat hokimiga bunday bayramoldi e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Muammoli oilalar ko‘targan masalalar yechimi yuzasidan mutasaddilar zimmasiga tegishli topshiriqlar yuklandi.
Xonadonlardan birida yashovchi Xan Sayyora ismli uy bekasi birinchi guruh nogironi. Turmush o‘rtog‘ining ham jismoniy imkoniyati cheklangan. Ikki farzandi bor, baxtga qarshi, farzandlarining ham biri nogiron. Viloyat hokimi bilan muloqotda ayol asli qibraylik ekani, u yerda qarindoshlari borligi, imkoniyat doirasida o‘zi tug‘ilib o‘sgan manzildan uy-joy bo‘lsa, yashashi va nogiron go‘dagini voyaga yetkazishi ancha oson kechishini bildirib, shu masalada yordam so‘radi. Viloyat rahbari bu kabi holatlar boshqa oilalarda ham mavjud ekanini inobatga olib, tegishli hududlar mutasaddilari shu yerga kelib, masalani puxta o‘rganishlari, aniq takliflar asosida yo‘l xaritasi tuzib, masalani hal etishlari lozimligini, zaruratga ko‘ra moliyaviy jihatdan yordam berilishini aytdi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida bandlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu masalada xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish, xususan, ayollarga xos bo‘lgan chevarlik, qandolatpazlik kabi o‘quv kurslarini shu yerning o‘zida tashkil etish, o‘qish xarajatlarini homiylik asosida to‘lab berish taklifi o‘rtaga tashlandi. Shu yerning o‘zida mahallada “temir daftar” ro‘yxatida turuvchi oilalarga Prezident nomidan yangi yil tabrigi, moddiy yordam va bayram sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA