Prezident tashrifidan so‘ng...
Tayyor, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarayotgan, yangi bozorlarni zabt etishga qodir zamonaviy korxonalar ko‘payib borayotgani – Yangi O‘zbekiston sanoat siyosatining yaqqol natijasidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, elektrotexnika sanoati texnoparkidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shu yerda tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Tashrifdan so‘ng, Toshkent viloyati hokimi Zoyir MIRZAEV O‘zA muxbiriga intervyu berib, davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda aniq mexanizmlar ko‘rsatilgani, yechimini topmagan biror bir masala, muammo qolmaganini qayd etdi:
– Yangi O‘zbekiston shiddati bilan solishtiradigan bo‘lsak, Ohangaron tumani imkoniyatlari o‘zimizni ham qoniqtirmaydi. Davlatimiz rahbarining yig‘ilishda bildirgan e’tirozlari o‘rinli bo‘ldi. Chunki, tuman iqtisodiyotda hali o‘z o‘rnini topa olgan emas. Bor imkoniyat, zaxiradan foydalana olmayapmiz, – dedi Zoyir Mirzayev.
Sanoat zonasi, Angren bilan tutashgan hudud – hammasini umumlashtiradigan bo‘lsak, 280 gektardan ziyod sanoatlashish mumkin bo‘lgan maydonlar bor edi. Bugun biz 280 gektardan 160 gektariga egalik qildik, ya’ni investor topdik. Endi buyog‘iga aql bilan yondashib, yuqori texnologiyali kompaniyalar, investorlarni jalb qilishimiz kerak bo‘ladi.
Mahsulot bozorda o‘rnini topib, raqobatbardosh bo‘lishi kerakligi aytildi. Ertaga pirovarida 1 dollarning ustiga qo‘shilgan qiymat, ya’ni mahsulot ishlab chiqarish uchun kiritilayotgan bir dollar investitsiyadan keladigan qo‘shilgan qiymat qancha bo‘ladi, bir gektar yerga kiritiladigan investitsiya summasi qancha-yu, pirovard qancha?, degan o‘rinli savol qo‘yildi. Ushbu masalalarda Ohangaron tumanida qiladigan ishlarimiz ko‘lami katta. Eng asosiysi, strategiya, yo‘limiz va olingan marra to‘g‘ri.
Yig‘ilishda Toshkent viloyatining 2026-yilda olgan marralari, unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Biz bir oy oldin qilgan hisob-kitoblarimizda 2026-yil yalpi hududiy mahsulot darajasi o‘sish darajasini 7 foizga oshirishni rejalashtirgandik. Oxirgi bir haftada tahlil qilindi: vazirlik, idoralar, ilmiy muassasalar va viloyatdagi islohotlar shtabi ishladi, yordam berdi. Natijada raqamlarimiz 9,1 foiz o‘sishi imkoniyati mavjudligini tushundik.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda barcha masalalar yechimini aniq mezanizmlar bilan ko‘rsatib berdilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EmnzqbSctrU" title="Zoyir Mirzaev: Ohangaronda qiladigan ishlar ko`lami katta –strategiya va olingan marra to`g`ri " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Ulug‘bek TO‘XTAEV (video),
O‘zA