Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zoyir Mirzayev: “Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Toshkent viloyati tajribasi» yaratiladi”
12:09 / 2021-12-29

Nurafshon shahrida Toshkent viloyatidagi mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Olimjon Saliyev, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ishchi guruhi vakillari, sektorlar rahbarlari, tegishli boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tizim mutaxassislari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi. 
Qayd etilganidek, mahallalarda uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, farzandlar tarbiyasi, keksalarni e’zozlash va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar joylarda o‘z aks-sadosini bermoqda. Xususan, viloyatda «Temir daftar» ro‘yxatiga kiritilgan 11 mingta kam ta’minlangan oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tomonidan 46 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. «Ayollar daftari»dagi 80 ming nafar xotin-qizga manzilli yordam ko‘rsatildi. Qolaversa, ulardan 33 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 4,3 ming nafari tadbirkorlikka o‘qitildi, 4,4 ming nafariga tadbirkorlikni boshlashi uchun 81 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 

Shuningdek, 7 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan, 6,5 ming nafar 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan va 2 ming nafar qaramog‘ida bolalari bor yolg‘iz ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 14,6 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘z navbatida, noturar joylar va ijarada yashayotgan 1 ming 12 nafar ayol uy-joy bilan ta’minlandi. Biroq, jamiyatda uchrayotgan ko‘plab muammolarning asl ildizi hali-hanuz mahallalarda aholining kundalik maishiy turmushga doir muammolariga yetarlicha e’tibor berilmayotgani, moddiy, huquqiy asoslari mavjud bo‘lgan masalalar yechimiga ham ayrim hollarda panja ortidan qaralishi sabab bo‘lib qolayotgani bor gap.

Yig‘ilishda mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarni oldini olish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ynalishidda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning kelib chiqish sabab va omillarga o‘rganilgan oilalar misolida batafsil to‘xtalib o‘tildi. 
Tahlillarga ko‘ra, hozir mahallalarda oilaviy ajrimlar, ishsizlik, notinch oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar, uyushmagan yoshlar va tarbiyasi og‘ir, voyaga yetmaganlar va ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni va miqdori hanuz baland. Viloyatda birgina kam ta’minlangan oilalar 10 ming 675 tani tashkil qilmoqda. Shuni alohida e’tiborga olib kelgusida jamiyatimizning bu toifadagi qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kamaytirish bo‘yicha Toshkent viloyati tajribasini yaratish muhim ahamiyatga ega. 
Yig‘ilishda bir qator yo‘nalishlarda olib borilgan o‘rganishlar sarhisob qilindi. Ishchi guruh mutaxassislari tomonidan joylardagi 100 dan ziyod oilalarning ijtimoiy holati o‘rganilib, tegishli tartibda yordam ko‘rsatish bo‘yicha nazoratga olindi. Afsuski, viloyat bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar soni o‘tgan yilga nisbatan 1 ming 676 taga oshgan. Hududlar kesimida bu toifadagi oilalarning eng ko‘pi Angren, Bekobod, Olmaliq shaharlari, Toshkent, Quyi Chirchiq, Chinoz va Bo‘ka tumanlarida qayd etildi. Buning asosiy sabablari ishsizlik, uy-joyga muhtojlik kabilarga borib taqalmoqda. Bu muammolarni bartaraf etishda joylarda tizimli yondashuvlar yetishmayapti.

Yig‘ilishda birinchi galda kam ta’minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni talab darajasida tashkil etish zarurligi qayd etildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda 5 ming 425 nafar kam ta’minlangan oilalarning ishsiz a’zolari mavjud. Bu ko‘rsatkich Bekobod shahar, Bekobod, Bo‘ka, Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlarida, ayniqsa, yuqori. Ularning mehnat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish borasidagi ishlar ham qoniqarsiz. Aytaylik, sartaroshlik, duradgorlik, kosiblik, tikuvchilik kabi ommaviy va an’anaviy kasb-hunarlarni o‘rganishga ishtiyoqmandlar ko‘p, gap ularga sharoitni ta’minlab berishda qolmoqda. Kam ta’minlangan oilalarning tomorqasidan samarali foydalanish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish borasida ham qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Joylardagi 400 dan ziyod oilaning tomorqa xo‘jaligini yuritish, issiqxonalar qurish, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiyalar so‘rab qilgan murojaatlari qondirilmagan. Bundan tashqari, shu paytgacha viloyat bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 46 nafar shaxsning bandligi ta’minlanmagan. 

Viloyat hokimi bu insonlar jamiyatning har bir a’zosi kabi mehnat huquqlaridan to‘laqonli foydalanishga haqli ekanini ta’kidlab, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishini aytdi. Ayniqsa, ijtimoiy moslashuv markazlari mutaxassislari tomonidan bu masala bo‘yicha joylarda ishni oqilona va samarali tashkil etish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Xususan, kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, takroriy ekin uchun yer ajratish, tibbiy yordam va huquqiy, psixologik ko‘maklarni ko‘rsatish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga, uy-joyini ta’mirlashga, farzandlarining muammolarini o‘rganish va hal etish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. 
Yig‘ilishda tilga olingan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniqlangan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan tuman va shahar hokimlari, sektorlar rahbari va tizim mas’ullariga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi. Qo‘yilgan vazifalar ijrosi viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olinib, muntazam muhokama etib borilishi bildirildi. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ular sonini kamaytirish bo‘yicha «Toshkent viloyati tajribasi»ni yaratish bo‘yicha 2022 yil 1 sentyabrga qadar muddatga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va ijroga qaratish belgilandi.

A.Musayev,O‘zA