Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumanida faoliyat yuritayotgan “Agro Light Business” xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar, gulchilik klasterining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur klaster 2018 yilda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 6 gektar (3 gektar atirgul, 2 gektar lola, 1 gektar gerbari) bo‘lgan mazkur issiqxonada hozirgi kunda gulchilik sohasida ilg‘or hisoblangan Turkiya va Gollandiya davlatining yetuk mutaxassislari bilan birgalikda noyob gullar yetishtiriladi.
O‘tgan yil bu yerda yetishtirilgan gullar Rossiya hamda Qozog‘iston davlatlariga 220 ming dollar miqdorida eksport qilingan. Viloyat hokimi tadbirkorlar bilan muloqotda ushbu hududda gulchilik markazini tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Zoyir Mirzayev tumanni qayta o‘rganish davomida oilaviy tadbirkor Ilyos Mahmudovning qulupnay yetishtirish borasidagi tajribalari bilan ham tanishdi. Darhaqiqat, yerni e’zozlamagan, har bir qarichidan unumli foydalanmagan, intilib-izlanmagan, tashabbus ko‘rsatib, yangilik yaratib ishlamagan odamni hayotning o‘zi bir chekkaga chiqarib qo‘yadi. Afsuski “kunim o‘tsa bo‘ldi”ga ishlab, yerning uvoliga qolayotganlar ham bor. Ammo, Ilyos aka kabi insonlarning daromadlari ham chakki emas. Tuman va poytaxt bozorlarini yilning to‘rt faslida to‘ldirib turadigan qulupnaylarni Ilyos aka yetishtiradi.
Viloyat hokimi hududni o‘rganish davomida imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligini aytib, tashabbuskor fuqarolarni alohida e’tirof etdi.
O‘zA.