Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zoyir Mirzayev: Eng yomoni – nazorat ham oxiriga yetkazilmaydi
18:12 / 2021-04-05

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tumanlarda kelgusida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan joyiga borib tanishmoqda. G‘uzor, Qamashi, Kasbi tumanlarida ochiq muloqot tashkil etildi.

Unda sektor rahbarlari va viloyat tashkilotlari qatnashib, hududda 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Gap shundaki, har yili hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar taqdim etiladi, ammo puxta-pishiq ishlab chiqilmasligi bois, ba’zilari qaysidir bosqichga yetganda to‘xtab qoladi, ba’zilari esa boshlanmasdan tugaydi. Viloyat rahbari loyihalar taqdimoti bilan tanishar ekan, mana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratdi va ko‘pchilik viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlarini tanqid qildi.  

– Rahbarlar bergan topshiriqlarini nazorat qilishni ham o‘rganishi kerak, – dedi viloyat rahbari. – Boshliq bo‘limga, bo‘lim boshlig‘i mutaxassisiga, mutaxassis yordamchi mutaxassisiga o‘tkazadi. Eng yomoni – nazorat ham oxiriga yetkazilmaydi. Natijada aholiga bugungi o‘zgarish va imtiyozlar yetib bormayapti.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Kasbi tumaniga 46 milliard 844 million so‘m mablag‘ oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratiladi.  

Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshiriladigan loyihalar soni esa 24 tani tashkil etadi. Sarflanadigan 19,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga 83 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanmoqda. Hududda yangidan 520 ta kichik biznes sub’ektlari tashkil etiladi.  

Kasbi tumani hududida jami 1 ming 182 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llar 205 kilometrni, ichki xo‘jalik yo‘llari 977,1 kilometrni tashkil etadi. Jumladan, 0,6 kilometr beton qoplamali yo‘llar, 487,7 kilometr asfalt qoplamali yo‘llar, 212,7 kilometr shag‘al yo‘llar, 481,1 kilometr tuproq yo‘llarni tashkil qiladi. bugungi kunda tuman bo‘yicha jami 533,7 kilometr ya’ni 54,6 foiz avtomobil yo‘llari ta’mirtalab ahvolda.  

Shu bois Kasbi tumani bo‘yicha 2021 yilda avtomobil yo‘llari va ko‘priklarini ta’mirlash ishlariga jami 19 milliard 916 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi kuzda tutilmoqda.  

Ta’kidlash lozimki, 2021 yilda Kasbi tumani iste’molchilariga ichimlik suvi yetkazib berish ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada ko‘tarish rejalashtirilmoqda. Xususan, tuman bo‘yicha 19 milliard 659 million so‘m mablag‘ hisobidan 67,1 kilometr suv tarmoqlari qurish va modernizatsiya qilish ishlari olib boriladi. Shundan, 10 milliard 620 million so‘m mablag‘ evaziga Komilon MFY aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 1 dona suv inshooti va 15,6 kilometr ichimlik suvi quvuri tortiladi. 5 milliard 199 million so‘m mablag‘ evaziga Maymanoq MFY aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 1 dona suv inshooti va 35,5 kilometr ichimlik suvi quvuri tortiladi. Shuningdek “Obod qishloq” dasturi doirasida Fazli MFY hududiga 2 milliard 640 million so‘m mablag‘ hisobidan 11 kilometr yangi tarmoq, Qamashi MFY hududiga 1 milliard 200 million so‘m 5 kilometr yangi tarmoq tortiladi. Buning natijasida 54 ming 499 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanib, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi 36 foizga yetadi.

Shuningdek, Kasbi tumani “Mug‘lon” MFY hududida 1 gektar yer maydonida qiymati 1,7 milliard so‘m bo‘lgan Yoshlar kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida 31 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.  

Viloyat rahbari mas’ullarga fuqarolar murojaatlariga ham jiddiy qarash kerakligini ta’kidladi.

– Qaysi hududga borsam o‘sha hududdan takroriy murojaat yo‘llagan fuqarolar murojaatlarini olib boraman, – dedi Zoyir Mirzayev. – Qamashi tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda ham onlayn va Virtual qabulxonaga murojaat yo‘llagan fuqarolarni ham chaqirtirdim. Mas’ullar bilan yuzma-yuz qildim. Maqsadim – qonuniy yechimga ega har bir murojaat qanoatlantirilishi kerak. Asossiz murojaatlarni ham rahbar fuqaroga yotig‘i bilan to‘g‘ri tushuntirsa, tushunadi.  

Ma’lumot o‘rnida, Kasbi tumanida o‘tkazilgan taqdimot so‘ngida ham viloyat hokimi o‘zi bilan olib kelgan Virtual qabulxonaga va onlayn platformaga takroriy murojaat yo‘llagan fuqarolar bilan uchrashib, mas’ullar ishtirokida yechim izladi.

O‘.Barotov, O‘zA