Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zotli qo‘ylar parvarishlanmoqda
10:52 / 2025-10-18

Qaror va ijro

Prezidentimizning 2025 yil 17 iyuldagi “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda muhim amaliy qadamlar qo‘yilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Shofirkon tumani Jo‘yrabod mahallasida faoliyat yuritayotgan “Azizbek Trans Savdo Servis” MCHJ tomonidan Mo‘g‘uliston Respublikasidagi “MARBLE MEAT” LLC kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur shartnoma asosida umumiy qiymati 51 558 AQSH dollariga teng bo‘lgan 210 bosh “bayat” zotli qo‘ylar O‘zbekistonga olib kelindi.

Ayni paytda mazkur qo‘ylar mahalliy iqlim va oziqlanish sharoitida veterinariya mutaxassislari nazorati ostida parvarishlanmoqda. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tizimli va ilmiy yondashuv asosida tashkil etilganidan dalolatdir.

Ma’lumki, “bayat” zotli qo‘ylar o‘zining tez o‘sishi va yuqori mahsuldorlik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Mazkur zotni mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirish orqali nafaqat naslchilikni, balki ichki bozorni sifatli qo‘y go‘shti bilan ta’minlash imkonini ham yaratadi.

Shu boisdan, “Azizbek Trans Savdo Servis” MCHJ kelgusida ushbu qo‘ylardan naslchilik yo‘nalishida keng foydalanish, zotni ko‘paytirish, qo‘zilar yetishtirish hamda go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Bu esa joylarda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi bandligini ta’minlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan bunday amaliy hamkorlik loyihalari ikki tomonlama manfaatli bo‘lib, mahalliy chorvachilikni rivojlantirish, genetik salohiyatni boyitish hamda ichki bozor talabini qondirishga xizmat qiladi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.