Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zotdor mollar yanada ko‘payadi
17:15 / 2020-11-04

Buxoro viloyatida Respublika davlat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining amaliy yordami bilan chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Kogon tumanida joriy yilda 4 ta yirik loyiha amalga oshirildi. Shundan 2 ta ming boshga va 2 ta 350-400 boshga mo‘ljallangan bo‘rdoqi yo‘nalishidagi qoramollarni boqishga ixtisoslashgan zamonaviy majmua ishga tushirildi.

– Korxonamiz 2014 yilda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida tashkil etilgan edi, – deydi “Deximirzayon chorvasi” bo‘rdoqi yo‘nalishidagi qoramollarni boqish va asrashga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Shukur Abdullayev. – Davlatimiz rahbarining sohada amalga oshirilayotgan islohotlari natijasida 2017 yilda fermer xo‘jaligi shaklida qayta ro‘yxatdan o‘tdik. Tumandan 2 gektar joy ajratildi. Bu yerlar tashlandiq edi. Davlatdan 1 milliard 700 million so‘m kredit olib yangi zamonaviy komplekslar qurdik. Kompleks 600 bosh qoramolga moslashgan. Ayni kunda 200 bosh qoramol, 200 bosh naslli qo‘ylar parvarishlanmoqda. Yaqin kunlarda 300 bosh qoramol Ukraina davlatidan olib kelinadi. Buning uchun Xalq bankidan 300 ming yevro imtiyozli kredit olindi. 13 nafar ish o‘rni yaratdik.

Tumandagi “Yangiobod KTQK” fermer xo‘jaligi tomonidan, umumiy qiymati 20 milliard so‘mlik jami 1000 bosh go‘sht yo‘nalishidagi qoramollarga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasi qurilib foydalanishga topshirildi. Ularda jami 500 bosh naslli qoramollar parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Nasldor qoramollardan hozirga qadar 75 bosh nasldor buzoq olindi. Yil yakuniga qadar 210 bosh nasldor buzoqlar olinishi kutilmoqda.

Tumandagi “Samandar sanoat savdo” MCHJ tomonidan, umumiy qiymati 4.7 milliard so‘mlik mablag‘lar hisobiga, jami 400 bosh go‘sht yo‘nalishidagi qoramollarga mo‘ljallangan zamonaviy chorvachilik kompleksi qurilish ishlari yakuniga yetkazildi. Ularda jami 280 bosh bo‘rdoqi qoramollar parvarishlash yo‘lga qo‘yildi. 40 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi.

– Ikki oy oldin Rossiya davlatidan 700 bosh Gereford, Angus, Aberdin zotli go‘sht yo‘nalishidagi qoramollar olib kelindi, – deydi “Samandar sanoat savdo” MCHJ rahbari Mirzohid Rahmonov. – 2018 yilda tumanning cho‘l hududidan 3 gektardan oshiqroq yer ajratildi. O‘zimizni mablag‘dan zamonaviy kompleks qurdik. Ayni kunda Rossiya davlatidan 1 ming 500 bosh qoramol kelishi kutilyapti. Bunda 750 boshga o‘z hisobimizdan, 750 boshga Aloqa bankdan 650 ming dollar imtiyozli kredit olib to‘ladik. Go‘sht mahsulotini ko‘paytirish maqsadida 500 bosh angus zotli urg‘ochi qoramollarni keltirib o‘zimizda ko‘paytirishni rejalashtiryapmiz. Maqsad bo‘rdoqiga molni o‘zimizda ko‘paytirish. Kompleksda 2 ming bosh Edilboy, Hisori, Qorako‘l zotli qo‘ylar ham parvarishlanmoqda. U yerda asosan yoshlar mehnat qiladi. Ular uchun barcha sharoitlar mavjud. 3 mahal issiq ovqat, vaqtida oylik maosh berilyapti.

– Oila boqish uchun Rossiya davlatida fermada ishlardim, – deydi Shofirkon tumani, Bog‘iafzal mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi, korxona ishchisi Jasur Najimov. – Pandemiya sabab chetga chiqa olmadim. Mana shu majmuaga murojaat qilgandim. Meni ishga qabul qilishdi. 3 nafar farzandim bor. Ularni boqishim, tarbiyalashim uchun o‘z yurtimda mehnat qilish baxtiga musharraf bo‘ldim. Bundan xursandman. Har oy 3 million so‘m oylik olyapman. Korxonada barcha sharoitlar mavjud.