French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zo‘ravonlikka uchramaslikning qanday choralari bor?
10:33 / 2021-12-06

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘n oyida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga 7 ming 226 nafar fuqaro murojaat qilgan. Shulardan eng ko‘p sodir etilgan turlari 2 ming 457 ta ruhiy, 1 ming 358 ta jismoniy, 37 ta jinsiy, 666 ta iqtisodiy zo‘ravonlik holati qayd etilgan.

Bu murojaatlarning ortida qancha ayolning ko‘z yoshiyu, bevaqt xazon bo‘layotgan umri, bolalarining qiyin taqdiri turgani har birimizni qalbimizni og‘ritadi.

Zo‘ravonlikka uchramaslikning qanday choralari bor, degan savol tug‘iladi. Psixolog Nozima Nosirova bilan ayni ushbu og‘riqli savollarga javob topish yuzasidan mulohaza yuritamiz.

– Zo‘ravonlik deganda qanday xolatlar tushuniladi?

– Zo‘ravonlik bu insonning sog‘lig‘iga, sha’niga, qadr-qimmatiga, erkinligiga  tajovuz qilinadigan g‘ayrihuquqiy harakat hisoblanadi.

– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning nechta turi bor?

– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning turlari juda ko‘p. Ularning eng asosiylarini keltirib o‘taman. Birinchisi jismoniy zo‘ravonlik. Ya’ni ayollarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohati yetkazish, xavf ostida qoldirish, jismoniy ta’sir o‘tkazish, sog‘lig‘iga zarar keltiradigan kaltaklash, erkinligidan ayirish.

Yana bir turi — ruhiy zo‘ravonlik. Ayollarga tuhmat qilish, haqoratlash, qo‘rqitish, ustidan kulish, kamsitish, xohish-irodasini cheklash, ruhiyatini sindirish, o‘zini himoya qilishiga yo‘l qo‘ymaslik ruhiy zo‘ravonlikning asosidir.

Zo‘ravonlikning jinsiy turi ham mavjud. Bu ayollarni roziligisiz jinsiy harakatlar sodir etish orqali ayol jinsiga tajovuz qilish hisoblanadi. Voyaga yetmagan shaxslarga ham axloqsizlik qilish yoki majburlash harakatlari ham zo‘ravonlikka kiradi.

Zo‘ravonlikning iqtisodiy turi ham mavjud. Ayollarni normal yashashi, kamol topishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlar bilan ta’minlashiga bo‘lgan huquqini masalan, ta’lim olishga, mehnat qilishga oid huquqini cheklab qilinadigan harakatlar iqtisodiy zo‘ravonlikka kiradi.

Yana zo‘ravonlikni separatsion turi mavjud, ya’ni ayolni erkin fikrlashga, yashashga, kelajakda o‘rnini topishga cheklovlar qo‘yish.

– Ayol eng ko‘p kim tomonidan zo‘ravonlikka uchraydi?

– Afsuski, so‘nggi yillarda ayollarda yaqin insonidan zo‘ravonlik ko‘rish holati ko‘p uchrayapti. Arzimas bahonalar bilan turmush o‘rtog‘ining janjal ko‘tarishi, kamsitishi, shaxs sifatida uni tan olmaslik, qadrlamasligi. Oilada doimiy kelishmovchilik, zo‘ravonlik hukm sursa, yaqin kishisi tomonidan zo‘ravonlikka uchrayversa, u ayol shaxs sifatida yetisha olmaydi. Ayolda depressiv holatlar, so‘nishlar, sinishlar hosil bo‘laveradi.

– Ayolning zo‘ravonlik qurboni bo‘lishiga olib keluvchi sabablar nimada?

– Ayolning zo‘ravonlik qurboni bo‘lishiga birinchi navbatda o‘zi ham sababchi bo‘ladi. O‘ziga past baho berishi, ruhiy bosimga asoslangan zo‘ravonlikni to‘g‘ri deb o‘ylashi, oiladagi, jamiyatdagi roli haqida noto‘g‘ri fikrlarga ega bo‘lganligini asosiy sabab sifatida ko‘rsatish mumkin. Yana bir sabablardan zulmkorning harakatlarini oqlashi va unga ko‘nishi. Aybdorlik hissida aziyat chekib yashayverishi. Aziyat chekayotganini, bosim ostida qolayotganini, ezilayotganini hech kimga aytmasligi yoki ko‘rsatib bera olmasligi, ichiga yutaverishi ham sabab. Zo‘ravonlikka uchrayotganimni yaqinlarimga aytsam, baribir hech kim hal qilib bermaydi, degan baho bilan yurishi uning o‘ziga katta ziyon yetkazadi .

– Ba’zi zo‘ravon yigitlar va erkaklarni umuman tartibga chaqirib bo‘lmaydi. Ularning zo‘ravonligi sababi nimada?

– Bu toifa erkaklar o‘zi sodir qilgan ishlaridan qoniqmaslik natijasida boshqalarni jazolash orqali alamini olishga intilishadi. Oilada o‘zini-o‘zi hukmron qilib ko‘rsatishga intilish deb baholasa ham bo‘ladi. Yana bir sababi ayollar tomonidan bo‘ladigan tanqidni ko‘tara olmasdan, o‘z aybini tan olmaslik, shaxs sifatida zo‘rman, deb ko‘rsatishga harakat qilish. Lekin buning zamirida biror bir ijobiy foyda yo‘q. Erkak ayolga nisbatan munosabatlarida ijobiy tomonlama yondoshishi, ayollik latofatidan kelib chiqib munosabat bildirishi, uni ruhiyatini sindirmagan tarzda tarbiyalashning yo‘lini topishi kerak.

– Zo‘ravonlik qurboni bo‘lmaslik uchun ayol nimalarga e’tibor berishi kerak?
– Eng avvalo ziddiyatli vaziyatlarda, zo‘ravonlik o‘tkazilayotgan paytlarda irodasi kuchli bo‘lishi kerak. Yolg‘iz emasligini, atrofida uni himoya qiladigan aka-ukalari, opa-singillari, qolaversa qonun borligini unutmasligi shart. Hech bir zo‘ravonlik izsiz yoki yordamsiz qolib ketmasligini his qilgan holda, avvalo o‘zimga-o‘zim yordam bera olaman, kuchim yetmasa yaqinlarim bor, degan tushunchani yuqori tutishi zarur.

Atrofda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmay kuzatib borsa, o‘zining hobbisini yaratsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Taqdirim shu ekan, shunday yashashga majburman, deb emas, taqdirimni yaxshi tomonga o‘zgartirish o‘z qo‘limda, degan maqsad bilan yashashi zarur. Qo‘rquv, ikkilanish kabi tuyg‘ulardan voz kechib, o‘ziga ishonch bilan yashasa, hech kim unga zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkaza olmaydi.

O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.